Savobli amallar – vijdon ishi
Bugun butun dunyo xalqlari, shu jumladan, biz uchun ham sinovli payt.
Bugun butun dunyo xalqlari, shu jumladan, biz uchun ham sinovli payt. Yuksak taraqqiy etgan yoki rivojlanayotgan, iqtisodiy, siyosiy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan davlatlar birgina yov – koronavirusga qarshi kurashmoqda. Kasallik boy yoki kambagʻal, amaldor yoki ishsizni ajratib oʻtirgani yoʻq. Belgilangan tibbiy-sanitariya meʼyorlariga, karantin qoidalariga amal qilmasa, hech kim bu xastalikdan xoli emas.
Ana shunday murakkab vaziyatda, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, nogironligi boʻlgan kishilar, bemorlar, ishsizlar kundalik ehtiyoj uchun oziq-ovqat mahsulotlariga koʻproq zaruriyat sezmoqda. Koʻp davlatlar bunday toifadagi fuqarolariga zarur yordam koʻrsatmoqda. Bizda ham bu borada davlat tomonidan kerakli choralar koʻrildi.
Shu bilan birga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yoʻlga qoʻyilib, tadbirkorlar, saxovatli yurtdoshlarimiz ehtiyojmand oilalarni oʻz qaramogʻiga olmoqda. Bunga hech kim majbur qilinayotgani yoʻq. Har kim oʻz vijdon amri bilan bu xayrli ishga qoʻl urmoqda.
Men yaqinda tumanimizdagi bir elektr ustasi oʻz oylik maoshidan orttirgan puli hisobidan kam taʼminlangan oilaga yordam berganini eshitib, juda taʼsirlandim. Tadbirkor aka-ukalarim bilan maslahatlashib Gʻoʻs qishlogʻimizdagi 600 ga yaqin oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdik. Shuningdek, tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi qoshidagi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga 900 oilaga moʻljallab un, oʻsimlik yogʻi, guruch, shakar mahsulotlari keltirib berdik
Bundan tashqari oʻzimizning 40 nafardan ortiq ishchi-xodimlarimizni ham oʻz qaramogʻimizga olganmiz. Ularga ish haqidan tashqari oziq-ovqat mahsulotlari tarqatyapmiz.
Buni tadbirkor sifatida davlatimiz va xalqimiz oldidagi burchimiz deb bilaman. Qolaversa, bugungi roʻzai ramazon kunlarida bunday xayrli amallar har bir musulmonning vijdon ishidir.
Ravshan DONIYEV,
Urgut tumanidagi “Urgut fresh gardens”
agrofirmasi rahbari.