Savdo markazi xizmatidan aholi mamnun
Ota-bobolarimizdan ilgari oddiygina bitta buxonka non sotib olish uchun ham savdo do‘konlarida uzundan uzoq navbatga turilganini eshitganmiz.
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida har qadamda muhtasham savdo markazlari barpo etilmoqda va bu aholining talabini ortig‘i bilan qondirmoqda. Eng muhimi ushbu soha rivojida tijorat banklari tadbirkorlarga asosiy ko‘makchi bo‘lmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrida joylashgan “Etalon Savdo Servis” xususiy korxonasiga qarashli “Marka” supermarketi tez fursatda mijozlar e’tiborini qozondi. Mazkur korxona “O‘zmilliybank” AJ bilan hamkorlik qilgan holda bugungi kunda shahar aholisi va mehmonlarga xizmat qilayotgan supermarket faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
[gallery-7659]
Supermarket rastalarini oziq-ovqat, nooziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda yaxna ichimliklar singari mahsulotlar bilan to‘ldirish uchun umumiy hisobda 4 milliard so‘m mablag‘ sarf qilingan bo‘lsa, shundan mazkur korxonaga 2,5 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratildi.
Savdo markazida taklif etilayotgan mahsulotlar va sifatli xizmatdan aholi mamnun.
– Doim ishdan qaytar ekanman ushbu supermarketga kirib, ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlarni olib ketaman, – deydi Qarshi shahrilik Muhiddin Abdullayev. – Sababi qishloq xo‘jalik mahsulotlari ham, boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ham har kuni yangilanadi va sifatli. Narxlari ham hamyonbop.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.