Savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada mustahkamlanadi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov shu kunlarda Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib turibdi.
Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Xabarga ko‘ra, viloyat hokimi Turkiyaning Istanbul shahrida 120 nafardan ziyod turkiyalik ishbilarmonlar ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forumda qatnashdi.

Biznes-forum O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.

Forum doirasida Andijon viloyatining sanoat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mebelsozlik hamda logistika sohalaridagi imkoniyat va salohiyati namoyish etildi. Shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Turkiyaning nufuzli kompaniya va tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmonlari bilan uchrashuvlarda qo‘shma korxonalar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar jarayonida sun’iy intellekt, sug‘urta va qayta sug‘urtalash brokerligi, “Tuna Ofisi”, shuningdek, tibbiyot sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, tegishli memorandumlar imzolandi.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri