O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahrida 23-sentabr kuni “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahrida 23-sentabr kuni “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamda mamlakatimizdagi Germaniya iqtisodiyoti klubi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakatning iqtisodiyot, savdo, sarmoya, sanoat, energetika, logistika, bank-moliya, muhandislik, korporativ boshqaruv, qurilish kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing, mamlakatimizdagi Germaniya iqtisodiyoti klubi prezidenti, “Commerzbank AG” vakolatxonasi rahbari Bodo Tyons va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ushbu anjuman savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim savdo-iqtisodiy hamkori, mamlakatimiz iqtisodiyotiga faol sarmoya kiritayotgan davlatlardan. Savdo sohasida mamlakatlarimiz o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2015-yilda 521,5 million, joriy yilning yanvar-iyul oylarida esa 304,4 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda germaniyalik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 112 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular savdo, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, avtomobilsozlik, transport va transport kommunikatsiyalari, fan-ta’lim kabi sohalarda ish yuritmoqda.
O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Germaniya banklari ishtirokida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Ular doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish bo‘yicha birgalikda tadqiqotlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda korporativ boshqaruvning samarador usullarini joriy etishda rivojlangan davlatlar, xususan, Germaniya tajribasi o‘rganilmoqda. Germaniyaning “Daimler”, “Siemens”, “BMW”, “Lufthansa”, “Thyssen Krupp”, “MAN”, “Knauf” singari 25 yetakchi kompaniyasi tashabbusi bilan 2002-yilda asos solingan Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan hamkorlik bu borada muhim rol o‘ynamoqda.
Forumda germaniyalik ishbilarmonlarga mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yurtimizda davom etayotgan keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni, iqtisodiyotimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlar, sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Anjumanda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, jumladan, sarmoya, energetika, mashinasozlik, korporativ boshqaruv, bank-moliya, eksport-import kabi soha va yo‘nalishlardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, Germaniya kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shu kuni O‘zbekiston va Germaniyaning kompaniya va korxonalari vakillari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish va mustahkamlash, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.