Savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 6-noyabr kuni Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 6-noyabr kuni Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, neft-gaz, geologiya, savdo-sanoat, sarmoya, bank-moliya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, aloqa va axborot texnologiyalari, fan-ta’lim, elektr texnikasi, sayyohlik, me’morlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sug‘urta hamda farmatsevtika kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.G‘aniyev O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar ko‘plab sohalar qatori savdo, iqtisodiyot, yengil sanoat, neft-gaz, oziq-ovqat sanoati, qurilish, sayyohlik, fan-ta’lim, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi imzolangan daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf etishga, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilishga, iqtisodiyot, ta’lim, fan va madaniyat hamda havo transporti aloqasi, sayyohlik sohalariga oid bitimlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Buyuk Britaniya O‘zbekistonning Yevropa mintaqasidagi muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshib borayotir. Bu boradagi ko‘rsatkich joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 2013-yilning shu davriga nisbatan 14 foiz oshdi. Mamlakatimizda britaniyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tuzilgan 504 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, Buyuk Britaniyaning 78 firma va kompaniyasi vakolatxonalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ular asosan kimyo va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalariga ixtisoslashgan. Yuksak texnologiyalardan foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ikki tomon ham o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraydi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish maqsadida 1994-yili tashkil etilgan Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi majlislari har ikki mamlakatda muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Anjumanda mehmonlarga mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini muttasil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalarida ish yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, yuqori texnologiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar ushbu majlis o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid qator muhim masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo‘lganini ta’kidladi.
– Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan hamkorlikni taraqqiy ettirishga alohida e’tibor bilan qaraydi, – dedi Buyuk Britaniya savdo va sarmoyalar agentligining Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy menejeri Elli Gunduz. – Mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. Mazkur tadbirda Buyuk Britaniyaning qator yirik kompaniyalaridan ko‘plab vakillar ishtirok etgani mamlakatimizda O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni izchil rivojlantirishga qiziqish katta ekanidan dalolat beradi. Bu boradagi o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishdan manfaatdormiz.
Majlisda O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari, ikki mamlakat o‘rtasida avtomobilsozlik, yoqilg‘i-energetika, tog‘-kon va kimyo sanoati, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish, elektr texnikasi, axborot texnologiyalari, chiqindilarni qayta ishlash va ta’lim kabi qator sohalardagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, bu boradagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash omillari, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada kengaytirishga, yuqori texnologik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.