Sarxil va arzon, eng muhimi uyingiz yonida
Unga koʻra, yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va kichik sigʻimli hajmli muzlatkich omborlar qurish hamda mahsulotlarni arzon narxda “daladan doʻkongacha” tamoyili asosida yetkazib berish belgilangan.
Bozorlarimizda dala-doʻkonlari tashkil etish tajribasi ommalashganiga ham ancha boʻldi. Narxlar nisbatan ancha arzon. Olibsotarlarga yalinib oʻtirmay sabzi-piyoz deysizmi, kartoshka yoki karam deysizmi, taroziga torttirib, pulini toʻlab olib ketaverasiz.
Endi ana shu tajribani aholi gavjum mahallalarda qoʻllash chorasi koʻrilmoqda. Unga koʻra, yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va kichik sigʻimli hajmli muzlatkich omborlar qurish hamda mahsulotlarni arzon narxda “daladan doʻkongacha” tamoyili asosida yetkazib berish belgilangan.
Ayni vaqtda hududlardagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining har birida bittadan yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va kichik sigʻimli hajmli muzlatkich omborlar qurish istagini bildirgan 1 ming 430 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlandi. Buning uchun talab etiladigan mablagʻ miqdori 73 milliard soʻm boʻlib, uning 40 milliard 347 million soʻmi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi. 32 milliard 703 million soʻmi esa bunday inshootlarni qurish istagidagi tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari.
Shu tariqa boshlangan xayrli yumushlar natijasi pishiqchilik mavsumida koʻrina boshladi. Joriy yilning 15-oktyabr holatida aholi gavjum mahallalar va markaziy dehqon bozorlariga 810 ortiq yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va 5-10 tonnali kichik sigʻimli muzlatkich omborlar qurildi. Buning uchun 37 milliard soʻm sarflandi.
Jumladan, Fargʻona viloyatida 158, Toshkent viloyatida 151 ta, Buxoroda 62 ta, Samarqand viloyatida 92 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 50 ta, Andijon viloyatida 45 ta, Jizzax viloyatida 46 ta ana shunday yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va 5-10 tonnali kichik sigʻimli muzlatkich omborlar ishga tushdi.
Jamgʻarma esa buning uchun 360 ta dala doʻkoni qurish uchun 9 milliard 716,0 million soʻm moliyaviy koʻmak berdi.
Joriy yiling yakuniga qadar yana 617 ta yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va 5-10 tonnali kichik sigʻimli muzlatkich omborlar quriladi. Buning uchun jamgʻarma 18 137 million soʻm kredit resurslari talabgorlarning buyurtmalariga koʻra tijorat banklari orqali moliyalashtirishni rejalashtirgan.
Yaqin–yaqingacha dehqonlar ongida “dehqon faqatgina mahsulot yetishtiruvchi va oʻrtakashga sotuvchi boʻgʻin”, degan fikr bor edi. Endilikda ulgurji bozorlarda olibsotarlar qoʻlida sarson boʻlayotgan dehqonlarga istagan bozorida, toʻgʻridan-toʻgʻri, yuk mashinasidan mahsulotini sotishiga sharoit yaratib berilmoqda. Avval dehqon yetishtirgan mahsulotini oʻrtakashga ming soʻmga sotib, mahsulot ustama bilan isteʼmolchiga ikki yarim ming soʻmga yetib borgan boʻlsa, endi dehqon uni 1 200 -1500 soʻmdan sotadi. Bundan oʻzi ham yaxshigina daromad qiladi, aholi ham arzon narxda va sarxil mahsulotni xarid qiladi. Eng muhim esa u uyingiz yonida yoki mahallangiz yaqinida boʻlgani bois, yoʻl kira ham yoningizda qoladi.
Faxriddin Suyunov,
Oʻzbekiston fermer, dehqon
xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi boʻlim boshligʻi