Sariosiyo tumanida Yoshlar bog‘i ish boshladi
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Mirzo Ulug‘bek nomli mahalla hududida Yoshlar bog‘i foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda tuman va shahar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Sariosiyo, Uzun tumani nuroniylari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov, mehnat faxriysi Muhammadi Murodullayev, Terakzor mahallasi yoshlar yetakchisi Shohista Meliboyeva va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda yuksak intellektual salohiyat hamda o‘z mustaqil dunyoqarashiga ega, izlanuvchan, tashabbuskor, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.


Bu jarayonda ularning zamonaviy ta’lim maskanlarida o‘qib, o‘z iste’dodini keng namoyon etishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi, unumli mehnat qilib, bo‘sh vaqtida mazmunli hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.

Chekka tumanda yosh avlod uchun barcha qulayliklarga ega go‘zal ma’naviyat-ma’rifat va dam olish maskani bunyod etgan qo‘li gul quruvchilarga chuqur minnatdorlik bildirildi.

Sariosiyo va Uzun tumani ahlining eng sevimli maskanlaridan biriga aylanadigan xushmanzara bog‘ foydalanilmay turgan uch gektar maydonda hududdan Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylangan senator Abdug‘ani Sanginov tashabbusi bilan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati mablag‘i hisobiga bunyod etildi

Bu yerda bolajonlar uchun maxsus o‘yingoh, 50 o‘rinli kinoteatr, 38 mingdan ortiq turli kitob va qariyb 53 ming elektron kitob fondiga ega katta hajmdagi LED-monitor va bepul internet bilan ta’minlangan axborot-kutubxona markazi, ikkita ovqatlanish shoxobchasi qad rostladi.

Keng, yorug‘ o‘quv zaliga ega axborot-kutubxona markazi bir yo‘la 120 nafar, kun davomida 600 dan ortiq kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. O‘ziga xos dizayn asosida zamonaviy qurilish materiallaridan bunyod etilgan yangi majmuaga musiqali favvora o‘rnatilib, sun’iy ko‘l qurilgan.


Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi xushmanzara tuman markaziga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlagan yoshlar maskani bevosita Prezidentimiz g‘oyasi asosida yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida turfa yashil boyliklarga burkangan. Yo‘lakchalar bo‘ylari va tevarak-atrofga Turkiya davlatidan keltirilgan 800 dan ortiq manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod anvoyi gul ko‘chatlari ekilgan. Yangi O‘zbekistonning xushbichim, xushmanzara Yoshlar bog‘ida 20 nafar yigit-qizning bandligi ta’minlandi.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy bog‘da yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Dilrabo kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA