"Sardorlar" maxsus mobil ilovasi ishga tushiriladi
Poytaxtimizda O‘zbekiston bolalar tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan "Bolalar harakati" Respublika sardorlari tomonidan ishlab chiqilgan, bolalarning yetakchilik salohiyatini oshirish va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarni keng jamoatchilikka taqdim etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda jami 80 ming nafardan ortiq mahalla sardorlari, 1 ming 872 nafar tuman-shahar, 126 nafar hududiy hamda 9 nafar respublika sardorlari saralab olingan bo‘lib, ular yagona jamoa bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

Matbuot anjumanida taqdim etilgan asosiy loyihalar va tashabbuslarga ko‘ra, endilikda mamlakatimizdagi barcha bolalar va o‘smirlarni yagona raqamli ekotizimga birlashtirish hamda har bir bola uchun teng imkoniyatlar yaratish maqsadida "Sardorlar" maxsus mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Ilova bolalarning media sohasidagi qobiliyatlarini rivojlantirish, kreativ yondashuv va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga mo‘ljallangan.

Yosh mualliflarning ijodiy namunalarini (she’r, hikoya, tasviriy san’at) keng jamoatchilikka namoyish etish va bolalarda mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida yangi - "Kurtak" bolalar jurnali ta’sis etiladi.

Sardorlarning tashkiliy salohiyatini muntazam rivojlantirish va ularda mas’uliyat ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan "Eng namunali sardorlar" kengashi tanlov yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, mahalla sardorlari faoliyatini rivojlantirish va ularning ijtimoiy nufuzini oshirish maqsadida yiliga bir marta “Yil sardori” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, ushbu barcha tashabbuslar bolalarning yashirin iste’dodlarini kashf qilish hamda ularni jamiyatning faol a’zosi sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA