Sardobada zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti ish boshladi
Navoiy viloyati Karmana tumanining Sardoba mahallasida zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va har bir fuqaro uchun munosib tibbiy sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “inson qadri uchun” tamoyili bugun har bir hududda, mahallada o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Zamonaviy tibbiyot muassasalari qurilishi, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va aholiga sifatli tibbiy xizmatni yaqinlashtirish ana shu ezgu maqsadning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Qiymati 2 milliard 400 million so‘m bo‘lgan mazkur inshoot zamonaviy tibbiy standartlar asosida qurilib, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.

Yangi oilaviy shifokorlik punkti 6,5 ming nafardan ortiq aholiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bu esa profilaktika ishlarini kuchaytirish, kasalliklarni erta aniqlash va aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sardobada foydalanishga topshirilgan yangi oilaviy shifokorlik punkti ham ana shu keng qamrovli islohotlarning yana bir amaliy samarasidir. Bu kabi loyihalar aholi farovonligini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va inson salomatligini eng oliy qadriyat sifatida ta’minlashga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatli.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri