Sardobada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, munosib turmush tarzini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sardoba tumanida ham aholi muammolari o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha sektorlar va mahallalar kesimida “xonadonbay” ish olib borilmoqda. Respublika ishchi guruhi tomonidan 17 ta vazirlik va idoralar, viloyat, tuman sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirokida ishchi guruhlar va tezkor shtablar tuzilib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat o‘rganildi.
15 ta mahallada 9 ming 852 ta xonadonda 3 ming 67 ta muammo aniqlanib, 2 ming 708 tasi hal etildi, 359 ta masala bo‘yicha ishlar nazoratga olindi.
Shuningdek, 488 ta ijtimoiy soha ob’ektlarida 650 ta muammo aniqlanib, 132 tasi hal etildi, 518 ta masala bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tuzilib, ijrosi nazoratga olindi.
Jumladan, 14,8 km. ichki yo‘llar ta’mirlandi. Shundan, 3,3 km. yo‘l sement-beton qoplama, 2,3 km. asfalt qilindi va 9,2 km. yo‘lga qum-shag‘al yotqizildi.
5 ming 799 dona gaz ballon almashtirildi, 11 ta yangi gaz ballon yetkazib berildi, 243 ta aholi iste’molchilarining gaz jihozlari ta’mirlandi, 40 ta gaz taqsimlash punkti va 4 ming 24 ta aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 6 ta transformator, 7 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 2,9 km. elektr tarmog‘i tortildi.
1 ta ichimlik suvi minorasi mukammal ta’mirlandi. 9 ta ko‘p qavatli uyning romlari ta’mirlandi, 3 tasining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi va 12 tasining kanalizatsiya tizimidagi muammolar bartaraf etildi. 43 tonna ko‘mir mahsuloti aholiga tarqatildi. 9,2 km. optik tolali aloqa tarmog‘i tortildi. 17 ta xonadon internet tarmog‘iga ulandi.
Aholi bandligini ta’minlash, kredit, subsidiya masalalarida ham amaliy yordam ko‘rsatildi. 161 nafar fuqaroning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Jumladan, 14 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 27 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 32 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi va 88 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi.
“Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarka”lari tashkil etilib, 15 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 12 nafari kasbga o‘rgatish kursiga yo‘naltirildi. “Oqsaroy tekstil” to‘qimachilik korxonasida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib, 26 nafar xotin-qizni ishga qabul qilish bo‘yicha korxona rahbari bilan kelishuvga erishildi.
139 nafar fuqaroga 3,2 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘i, jumladan, 52 nafar talabaga 384 mln. so‘m ta’lim krediti ajratildi.
43 nafar fuqaroga 2,2 mlrd. so‘m imtiyozli kredit hamda 46 nafar ishsizlarga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha ijobiy tavsiyanomalar berildi. 34 nafar ishsiz fuqaroga 327 mln. so‘mlik asbob-uskuna yetkazib berildi.
Aholi salomatligini mustahkamlashga ham alohida e’tibor berilib, tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
Ayni kunlarda tumandagi 3 ta maktabga 240 mln. so‘mlik zamonaviy quyosh panellari olib kelinib, o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. 2 ta maktabga 870 mln. so‘mlik zamonaviy elektron doskalar, kompyuter jamlanmalari va sensorli monitorlar topshirildi.
“Yoshlar daftari”dagi 17 nafar talabaning 42 mln. so‘m shartnoma pullari to‘lab berildi. 2 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi xizmat badali to‘lovi va 1 nafarining haydovchilik o‘quv kurslari xarajatlari to‘lab berildi.
“Ayollar daftari” ro‘yxatidagi 29 nafar xotin-qizga 5 yillik ijara shartnomasi asosida ijtimoiy uy-joylar ajratildi. Jumladan, “Qo‘rg‘ontepa”, “Xalqobod” va “Fayzliobod” mahallalarida yotoqxonada yashovchi 7 nafar fuqaroga ijtimoiy uylardan xonadon ajratib berildi. Nogironligi bo‘lgan 6 nafar fuqaroga nogironlar aravachasi, 5 nafariga eshitish moslamasi berilishi ta’minlandi.
“Navro‘z” mahallasida og‘ir turmush sharoitida yashovchi M.Ismoilovlarning uy-joyini ta’mirlash maqsadida 54 mln. so‘mlik qurilish materiallari olib kelinib, qurilish ishlari olib borildi va hozirgi kunda yakuniy bosqichda. 97 nafar kam ta’minlangan oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami va issiq kiyimlar berildi.
6 ta mahallada ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etilib, aholiga arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ko‘mir sotilishi tashkil qilindi. “Fayzliobod” MFYda joylashgan 3, 7 va 14-sonli maktablarga ichimlik suv tarmoqlari tortilib, markaziy tarmoqqa ulandi va toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
“Yo‘l xarita”ga kiritilgan 13 ta MFYdagi 27,4 km. tuproq ko‘chalarni hashar yo‘li bilan ta’mirlash uchun 8 tonna YOMM zaxirasi yaratildi. Shuningdek, bugungi kunda Paxtakor va Ota yurt mahallalari hududidagi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish ishlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash lozim, ushbu ishlarning barchasi xalq farovonligini ta’minlash, ularning roziligiga erishish maqsadida amalga oshirilmoqda.
F.Hasanov,
Sardoba tuman Xalq qabulxonasi mudiri,
Mohigul Qosimova, O‘zA