Sardobada soliqchi qo‘lga tushdi
Korrupsiya va ta’magirlik davlat va jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiladigan eng katta muammodir. Ming afsuski, bugungi kunda moddiy manfaatdorlik evaziga kimgadir imtiyoz berish, yoxud biror faoliyatni amalga oshirmaslik evaziga pora olayotganlar ko‘paydi.
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani DSI xodimi M.Sh. tadbirkor X.N.ning faoliyatiga nisbatan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlari jarayonida 17 million so‘m qo‘shimcha soliq hisoblab, ushbu soliq miqdorini kamaytirib berish evaziga 5 million so‘m miqdorida pul mukofoti talab qilgan. Bundan tashqari, u X.N.ning savdo do‘konida tekshiruvlar o‘tkazmaslik evaziga har oyda 2 million so‘mdan pul berib turishi lozimligini aytgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida M.Sh. X.N.dan talab qilingan 5 million so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan. Hozirda holat yuzasidan IJQKD Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan M.Sh ga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Suyarov,
O‘zA