Sardobada “Hokim va yoshlar” uchrashdi
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan Sardoba tumani hokimligida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Tuman hokimi bilan bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda faol va iqtidorli yoshlarning taklif va murojaatlari tinglandi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehnat qilishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish uchun bor imkoniyatlarini ishga solinishi qayd etildi.
Tumanda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 15 ta mahallada “Workout” sport maydonchalari qurilib, yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Madaniyat saroyi moddiy-texnik bazasini yaxshilash, madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun zarur jihozlar va liboslar yetkazib berildi.
Yoshlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish tuman hokimligining asosiy maqsadi bo‘lib, bugungi kun holatiga 150 nafarga yaqin yigit-qizning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, “Har bir yoshga – 1 gektar!” loyihasi doirasida 700 nafarga yaqin yoshga dehqonchilikni yo‘lga qo‘yishi uchun 0,50 gektardan yer maydoni ajratib berildi.
“Yoshlar: 1+1 dasturi” loyihasi ijrosini ta’minlash maqsadida – tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 500 nafar sardobalik yoshga tijorat banklari tomonidan zarur kredit mablag‘lari ajratilib, tadbirkorlikka jalb qilindi.
– Tumandagi barcha yoshlarimizni to‘liq qamrab olmas ekanmiz, bunday amaliy ishlar qilishdan to‘xtamaymiz, – dedi Sardoba tumani hokimi Abduazim Xidirov yoshlar bilan o‘tgan uchrashuvda. – Siz, sardobalik qalbi olov yoshlarimizdan tuman ravnaqi uchun yanada faol bo‘lishingizni so‘rab qolaman. Zero, har bir yoshning yutug‘i o‘zimning va shu tuman xalqining yutug‘i, deb bilaman.
Uchrashuv so‘ngida tuman hokimi xalqaro, mamlakat va viloyat miqyosida o‘tgan turli fan, ta’lim, madaniyat, san’at va sport sohalaridagi tadbir, ko‘rik-tanlov va musobaqalarda yuqori natijalarni ko‘rsatib, tuman faxriga aylangan 30 nafar iqtidorli yoshga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
Tumandagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga musiqa jihozlari topshirilib, shu maktabni bitirib o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha oliygohga o‘qishga kirgan 4 nafar sardobalik o‘quvchiga 30 million so‘mlik sertifikat berildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA