Sardoba tumanida “Onalar bog‘i” tashkil etildi
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan "Yashil makon" umummilliy loyihasining 2-mavsumi Sirdaryo viloyatida ham uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida “Onalar yashil makon sari” aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda viloyat “Oqila ayollar” harakati, "Buvijonlar maktabi" a’zolari va bir guruh yetakchi xotin-qizlar faol ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari maxsus tashkil etilgan avtobusda Sardoba tumaniga yo‘l olishdi.
Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Onalar bog‘i” tashkil etilib, aksiya ishtirokchilari tomonidan 100 dan ortiq mevali va manzarali daraxtlar va archa ko‘chatlari ekildi.
–Tabiatni, yashil olamni ko‘z qorachig‘idek acrash milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan odatdir, – deydi “Oqila ayollar” harakati a’zosi Mamlakat Begmanova. – Bugun tashkil etilgan “Onalar bog‘i”ga hissam qo‘shilganidan mamnunman.
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Onalar yashil makon sari” loyihasi doirasida viloyatning tuman-shaharlarida shu kunga qadar 74 ta “Onalar bog‘i” tashkil etildi.
Sh. Suyarov,
Sh. Ortiqboyev,(suratlar), O‘zA