Saratonga chalinganlarning aksariyati chekuvchilardir
Chekish, tamaki mahsulotlari inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, jismoniy va ruhiy qaramlikni yuzaga keltiradi. Ammo shunga qaramay, butun dunyoda tamaki iste’mol qiluvchilar soni tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlar va xotin-qizlar orasida bu illatning keng tarqalayotgani, oxirgi yillarda yoshlar orasida «zamonaviy» tamaki va nikotin mahsulotlari — nikotinli va tamakili snyus, elektron sigaret chekish sur’ati keskin o‘sib borayotgani achinarli.
31 may – Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan qator targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan, partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida mazkur sana munosabati bilan talaba-yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan chekish oqibatlari, tamaki mahsulotlarining inson salomatligiga zararli ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, onkologik kasalliklarning keng tarqalishida chekish asosiy omillardan biri ekani ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, saraton kasalligiga chalingan bemorlarning aksariyati chekuvchilardir. Tadbir mobaynida chekishning yurak-qon tomir, o‘pka va boshqa hayotiy a’zolarga ko‘rsatadigan zararli ta’siri bo‘yicha statistik ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, passiv chekish, ya’ni yon-atrofidagi chekuvchi odamlardan chiqayotgan tamaki tutunini nafas orqali qabul qilishning salbiy oqibatlari haqida ham fikr yuritildi. Bu holat nafaqat aholi va bolalar salomatligiga, balki jamiyat kelajagiga ham tahdid solishi alohida qayd etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar sog‘lom turmush tarzini tanlash, yoshlar orasida tamaki mahsulotlariga qiziqishni kamaytirish, zararli odatlardan voz kechish hamda chekishga qarshi kurashishda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Joylarda partiyaning viloyat, tuman va shahar tashkilotlari tomonidan ham Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan ana shunday tadbirlar tashkil etilmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA