Sara urug‘ mo‘l hosil garovi
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarori urug‘lik paxta xomashyosi yetishtirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida bu yilgi hosildan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish maqsadida o‘tkazilgan tanlov natijalariga asosan 119 ta xo‘jalik sub’ektlaridan arizalar qabul qilinib, shundan 96 ta sub’ektlar tanlov g‘olibi deb topildi.

Viloyatda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining kelgusi yilda yuqori hosilli hamda sifatli urug‘lik chigiti bilan uzluksiz ta’minlab borish maqsadida har yili dalalarda (aprobatsiya) tanlov o‘tkaziladi. Bu gal ham nav tozaligi, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganlik darajasi o‘rganiladi. Jumladan, Chinoz hududida joylashgan “O‘rinboy hoji” urug‘chilik fermer xo‘jaligi dala shiyponida tashkil etilgan amaliy o‘quv-seminarda ham urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini qanday o‘tkazish kerakligi borasida tushunchalar berildi.
Tadbirda sohaga aloqador barcha tashkilotlar va klaster korxona rahbarlari hamda urug‘lik yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilganlar urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA.