“Sanoatni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini tayyorlash doirasidagi hamkorlik
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Amerika Qo‘shma Shtatlarining “McKinsey & Company” xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Sanoatni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini tayyorlash doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-oktabrdagi tegishli farmoniga muvofiq Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tarkibiy islohotlarni amalga oshirish uchun davlat organlari tomonidan xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb etish jarayonini muvofiqlashtirib boradi.
Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sanoatni rivojlantirish masalalarida maslahatlashuvlar yuzasidan “McKinsey & Company” kompaniyasini jalb etish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda sanoatni rivojlantirish strategiyasining konsepsiyasi va asosiy mazmuni muhokama qilindi.
Unda strategiya loyihasini, avvalo, O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari va amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda ishlab chiqish, bunda inson kapitali sifatiga alohida e’tibor qaratish, sanoatning mintaqa va jahon miqyosida raqobatbardoshligiga muhim o‘rin berish, tashqi bozorlardagi kutilmalar va xatarlarni inobatga olish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni bilan birgalikda bozor munosabatlarining ichki davlat segmenti imkoniyatlari va istiqbollarini hisobga olish, nafaqat muayyan tarmoq, balki respublika, viloyat, tuman va mahalla darajasidagi rivojlanishni aks ettirishga ham urg‘u berildi.
Shuningdek, atrof-muhit, ijtimoiy soha va korporativ boshqaruv (ESG)ni ekologik va ijtimoiy ta’sirni o‘lchash uchun qo‘llaniladigan standartlar sifatida qo‘llash masalasi ham muhokama qilindi.
Mehmonlar sanoatni mahalliylashtirish har qanday davlat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, konsalting kompaniyasi bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi, deyiladi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi ma’lumotida.
Uchrashuv yakunida sanoatni rivojlantirish strategiyasida qamrab olinadigan ilg‘or yo‘nalishlarni hamda hududlarning ixtisoslashuvini muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.
A.RUSTAMOV, O‘zA