Sanoatchilar hamkorligi mustahkamlanmoqda
Poytaxtimizda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda. Unda 2 mingdan ziyod firma va kompaniya, yirik sanoat korxonalari 21 ming turdan ortiq mahalliylashtirilgan yoki o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan mahsulotlarni namoyish qilmoqda.
Poytaxtimizda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda. Unda 2 mingdan ziyod firma va kompaniya, yirik sanoat korxonalari 21 ming turdan ortiq mahalliylashtirilgan yoki o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan mahsulotlarni namoyish qilmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyot tarmoqlarida muqobil energiya manbalaridan oqilona foydalanish, atrof-muhit musaffoligini asrash, yoqilg‘i-energetika resurslari tejamkorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 ming 149 quyoshli geliokollektordan samarali foydalanilmoqda. O‘tgan yili kombinatga qarashli “Do‘stlik” agrofirmasida chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish maqsadida kuniga 400 kub metr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega biogaz uskunasi ishga tushirildi. Kombinat tizimida 2015-2019-yillarda umumiy quvvati 3 mVtdan ortiq fotoelektr stansiyalari barpo etish rejalashtirilgan.
Kombinatda yoqilg‘i-energetika resurslarini iqtisod qilish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili elektr energiyasi va yonilg‘i sarfini kamaytirish hamda tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish samarasida 34,5 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini tushirish bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlarga muvofiq, joriy yilda yoqilg‘i-energetika resurslari sarfiga ajratiladigan mablag‘ni 57 milliard so‘mga iqtisod qilish belgilangan.
– Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida ishlab chiqarishda foydalaniladigan energiya tejamkor texnologiyalar, turli moylar va texnikalarni namoyish qilyapmiz, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining departament direktori Shavkat Madaminov. – Chunki bu anjuman import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni sotib olishimiz uchun qulay imkoniyatdir. Sanoat forumida, shuningdek, qator xorijiy davlatlarga eksport qilinayotgan dastgohlarimizni taklif etyapmiz. O‘tgan yilgi sanoat yarmarkasida 468 milliard so‘mlik shartnoma imzolagan edik. Bu yilgi anjumanda ushbu ko‘rsatkichni 680 milliard so‘mga yetkazishni rejalashtirganmiz. Ushbu anjuman yangi hamkorlar topishga, mahsulotlarimiz eksportini yanada oshirishga xizmat qilayotir.
Iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida ko‘plab mamlakatlardan firma va kompaniyalar vakillari ishtirok etib, mamlakatimiz ishbilarmonlari bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
– O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlarning har sohada faol va samarali ish yuritishi uchun keng imtiyozlar berilgan, – deydi Germaniyaning “Spaarmann” kompaniyasi vakili Kordula Marianne Shmigun. – 1836-yilda asos solingan kompaniyamiz logistika, bojxona sohasida rasmiylashtirish va xalqaro yuk tashish yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Sanoatchilar forumida ishtirokchilarga muzokaralar o‘tkazish, bitim va shartnomalar tuzish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ushbu yarmarka va birja O‘zbekiston kompaniyalari bilan o‘zaro aloqalarimizni yanada rivojlantirish imkonini beradi.