Sanoat yarmarkasi – imkoniyatlar maydoni
Jizzax Olimpiya zaxiralari kollejida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Elektron kooperatsiya portali markazi hamkorligida “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” tashkil etildi.
Yarmarkaning tantanali ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova, O‘zbekiston investitsiya va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Otabek Choriyev va Jizzax viloyat hokimi Ergash Soliyev ishtirok etdi.
Ikki kun davom etgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan korxona va tashkilotlar, shuningdek, yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar, oilaviy korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Mazkur tadbir iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirish, korxonalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bois tadbirkorlar uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu ishlar ko‘lamini kengaytirishda davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 24 avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarorlari muhim huquqiy asos bo‘layotir.
Yarmarkada qurilish materiallari, yengil sanoat, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika sohalari uchun mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik va hududiy korxonalar, jami 775 ta tarmoq va hududiy korxonalar ishtirok etdi. Shundan, 142 ta korxona 3 ming turdan ortiq mahsulotlari bilan qatnashayotgan bo‘lsa, 633 ta korxona esa mahsulotsiz ishtirok etdi.
– Korxonamizda 2020 yildan buyon germaniyalik hamkorlarimiz yordamida "VOLKSWAGEN" hamda Chexiyaning "SKODA" avtomobillari ishlab chiqarilmoqda, — deydi Jizzax avtomobil zavodi mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Sohibxon Solixov. — Ayni payitda respublikamizda tibbiyot sohasida, ayniqsa, tez tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida korxonamiz tomonidan joriy yilda mingta "AMBULANCE" avtomobillarini ishlab chiqarishni rejalashtirib qo‘yganmiz. bugungi kunga qadar respublikamizga yuzta ana shunday zamonaviy "AMBULANCE" avtomoshinalarni yetkazib berishga erishilgan. Kelajakda qo‘shimcha avtomobillar ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni ishga tushiryapmiz. Ishlab chiqarilayotgan avtomobillarimiz sifati biz uchun muhim. Shu bois ham talab yuqori.
Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2021 yilda 7,4 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 10 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Viloyatdagi yirik tarmoq sanoat korxonalaridan tashqari kichik biznes sanoati korxonalari tomonidan 2021 yilda 4,2 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, aholi jon boshiga 2 ming 878 so‘mni tashkil etdi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida ham 2020 yilda 684,8 milliard so‘mlik va o‘tgan 2021 yil yakuni bilan 3 trillion 384,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va ishlab chiqarish hajmi 4,9 barobarga oshirilishi ta’minlandi. Natijada, 1 ming 293 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Bundan tashqari, viloyatdagi sanoat korxonalarining o‘zaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar hisobiga, 2021 yilda bu korxonalar o‘rtasida Elektron sanoat kooperatsiya portali orqali 159,6 milliard so‘mlik mahsulotlar savdosi amalga oshirildi.
Joriy yilda mahalliylashtirish dasturida 51 ta korxonada 67 turdagi 1 trillion 562 milliard so‘mlik 2021 yil rejaga (729,0 milliard so‘m) nisbatan 214 foiz ko‘p mahsulotlar ishlab chiqarilishi, import o‘rnini bosish samaradorligi 137 million dollarni tashkil etishi hamda 15 millon dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shundan, 1 trillion 539 milliard so‘mlik 52 ta ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha, 22,5 millard so‘mlik 15 tasi yangi loyihalar hisoblanadi.
Ayni paytda viloyatida 120 dan ziyod xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar va 4 mingga yaqin sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Viloyatda bo‘lib o‘tgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida ishtirok etayotgan ishlab chiqaruvchilar ko‘plab chakana va ulgurji savdo korxonalari vakillariga ham qulay va manfaatli hamkorlik shartnomalari tuzish uchun keng imkoniyat beradi.
[gallery-6032]
Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA