Sanoat xavfsizligi: javobgarlik kuchaytiriladi
Mamlakatimizda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mehnat xavfsizligini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarining murakkablashib borayotgani, sohadagi o‘rganishlar sanoat xavfsizligi talablarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
2021-2025-yillarda olib borilgan o‘rganishlarda 72 mingga yaqin kamchiliklar aniqlanib, 7 ming 800 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanilgani ham bu borada huquqiy mexanizmlarni yanada kuchaytirishni talab etadi.
Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ayni shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda sohadagi mas’ul sub’ektlarning javobgarligini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan normalarga ko‘ra, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida va potensial xavfli ob’ektlarda sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun qat’iy jazo choralarini belgilashni nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaslik, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida davlat nazoratini tashkil etmaslik hamda avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish talablarini bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llaniladi. Takroriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Loyihada sohada vakolatli organlarning vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, ularning huquqiy maqomini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar ham nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sanoat xavfsizligini ta’minlashda davlat nazorati samaradorligini oshirishga hamda xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida avariya va baxtsiz hodisalar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining dolzarbligi ta’kidlanib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA