Sankt-Peterburgda O‘zbekiston san’ati namunalari namoyish etilmoqda
San’at asarlari nafaqat muayyan davr va ijodkor haqida hikoya qiladi, balki turli mamlakatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni ham kuchaytiradi.
Sankt-Peterburgda o‘tayotgan yirik xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekistonning boy muzey merosi ham keng namoyish etilmoqda.
Sankt-Peterburgdagi Faberje muzeyida “Zamin muhabbati va samoviy muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Joriy yil 3-iyunda ochilgan mazkur ekspozitsiya Vladimir Makovskiy tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan. Unda 25 dan ortiq muzey kolleksiyalaridan qariyb 170 ta asar jamlangan.
Xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston ham munosib tarzda ishtirok etmoqda. O‘zbekiston davlat san’at muzeyi kolleksiyasidan tanlab olingan 9 ta asar ekspozitsiyadan o‘rin olgan. Mazkur asarlar Rossiya hududida ilk bor namoyish etilmoqda. Ayniqsa, asarlarni ko‘rgazmaga tayyorlash jarayonida restavratsiya ishlarining amalga oshirilgani milliy muzey kolleksiyalarini asrab-avaylash va ularni xalqaro miqyosda munosib namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha xalqaro muzeylar hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni asrash va O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan noyob san’at asarlarini nufuzli xalqaro ko‘rgazma maydonlarida keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bunday hamkorlik milliy madaniy merosimizni jahon auditoriyasiga tanitish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ko‘rgazma 2026-yil 13-sentabrga qadar Faberje muzeyida davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA