Sandu rumin tilini davlat tili sifatida ma’qulladi
Moldova Prezidenti Mayya Sandu respublikada davlat tili rumin tili bo‘lishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
“Bugun men tarixiy va rad etib bo‘lmaydigan haqiqat: rumin tili Moldovaning davlat tili ekanini tasdiqlovchi qonunni imzoladim”, — deb yozdi Sandu ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, endi moldovanlar Yevroittifoqning rasmiy tillaridan birida so‘zlashadi. U rumin tili “jamiyatni jipslashtirish uchun zarur vosita bo‘lishiga” ishonch bildirdi.
“Kimlardir o‘n yillar mobaynida biz Moldova fuqarolarimiz, rumin tilida emas, moldovan tilida gaplashamiz, deb uqtirib keldi. Ularning maqsadi bitta edi, u ham bo‘lsa, bizni bo‘lib yuborish, chunki millat bo‘lib yuborilsa, uni boshqarish, tobe’ qilish oson bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Sandu.
Moldova parlamenti o‘tgan payshanbada 58 ta deputat bergan ovoz bilan davlat tili moldovan tilidan rumin tiliga o‘tkazilganini ma’qulladi. Ushbu qonunga binoan, endi qayerda “moldova tili” degan atama kelsa, u “rumin tili”ga almashtiriladi.
Bundan tashqari, ushbu tuzatish hatto mamlakat konstitutsiyasiga kiritiladigan bo‘ldi, deyilmoqda xabarda.