Sanches: Korrupsiyaga toqat qilolmayman
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches mamlakat parlamentida hukumat, hukmron Sotsialistik partiya va o‘z oilasi atrofida yuzaga kelgan korrupsiya ayblovi bo‘yicha hisobot berdi. U o‘z chiqishida “men bu amaliyotdan hech qachon xabardor bo‘lmaganman, bilganimda toqat qilmagan bo‘lardim”, deya ta’kidladi. Sanches so‘nggi payt jamoatchilik muhokamasi sud ishi va turfa sizdirilgan ma’lumot bilan to‘lib ketganini aytdi.
Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, ayrim siyosiy kuchlar turli ishlarni bir-biriga aralashtirib, jamoatchilikni chalg‘itishga urinmoqda. Shu bilan birga u korrupsiya bilan bog‘liq sud qarorini hukumat hurmat qilishi va qonun talabiga rioya qilinishini bildirdi. Sanches Ispaniyada hech kim jazodan qochib qutulmasligi kerakligini ta’kidlab, Sotsialistik partiya noqonuniy moliyalashtirilmaganini qayd etdi.
Muxolifat yetakchisi Alberto Nunes Feyxo esa hukumat rahbarini siyosiy mas’uliyatni to‘liq zimmasiga olishga chaqirdi. U korrupsiya bilan bog‘liq mojaro markazida aynan Sanches turganini iddao qildi va hukumat faoliyatini keskin tanqid qildi.
Kuzatuvchilar fikricha, korrupsiya bilan bog‘liq bahs Ispaniya siyosiy hayotidagi asosiy mavzuga aylanmoqda. Bu mojaro nafaqat hukumat obro‘si, balki mamlakatdagi siyosiy kuchlar muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayni chog‘ Pedro Sanches lavozimini saqlab qolish uchun siyosiy ittifoqchilar qo‘llab-quvvatloviga tayanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA