San’at fidoyisi xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Kuni kecha Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, ajdodlar xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatish maqsadida mamlakatimiz madaniyati, san’ati va adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar Prezidentimizning farmoniga asosan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi.
Xususan, O‘zbekiston xalq hofizi, mumtoz qo‘shiqchilik san’atining yorqin namoyandalaridan biri, marhum san’at ustasi Ochilxon Otaxonov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Mazkur yuksak davlat mukofoti marhum san’atkorning oila a’zolariga tantanali ravishda topshirildi. Shu munosabat bilan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Toshkent viloyati va Yangiyo‘l tumani faollari, nuroniylar hamda yoshlar O.Otaxonovning Yangiyo‘l tumani Ozod mahallasidagi xonadonida bo‘lib, marhum san’atkorning oilasi va yaqinlari bilan uchrashdi.
San’atkor xonadonida, yaqinlar va mahalla ahli davrasida xalqimiz ma’naviy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lida fidokorona xizmat qilgan ustoz hofizning boy ijodiy merosi, milliy san’atimiz taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida e’tirof etildi.

Darhaqiqat, Ochilxon Otaxonov o‘zbek milliy maqom san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan, mumtoz qo‘shiqchilik an’analarini saqlash va targ‘ib qilishga butun umrini bag‘ishlagan ulug‘ san’atkorlardan biri edi. U Yangiyo‘l tumanida yashab, samarali ijod qildi va xalq mehrini qozondi. Uning ijrosidagi Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiy, Mashrab kabi mumtoz shoirlar g‘azallari asosida yaratilgan qo‘shiqlar bugun ham millionlab muxlislar qalbidan joy olgan.
San’atkorning ko‘plab durdona asarlari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Oltin fondi”dan munosib o‘rin egallagan. Ustoz hofizning “Sayqal”, “Talqin Bayot”, “Saraxbori Oromijon”, “Qalandar” kabi qator qo‘shiqlari milliy musiqa ixlosmandlari tomonidan sevib tinglanadi.
U 1959-yildan Yangiyo‘l teatrida, 1978-1986-yillar esa Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblida faoliyat yuritdi.

Tadbirdan so‘ng marosim qatnashchilari Yangiyo‘l shahrida hofiz dafn qilingan “Oltinobod” qabristonida bo‘ldi. Marhumlar haqiga tilovat va duo qilindi. Qurbon hayiti arafasidagi ezgu tashabbuslar tufayli mazkur qabriston, xususan, marhum hofiz qabri atrofi obodonlashtirildi.
Ochilxon Otaxonovning yorqin xotirasi, betakror ijodi va xalqimiz ma’naviyatini boyitish yo‘lidagi xizmatlari qalblarda abadiy yashaydi.
M. Musayev, O‘zA