San’at darg‘alari haqidagi filmlar taqdim etildi
Poytaxtimizdagi Milliy kino san’ati saroyida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan atoqli ustoz san’atkorlar hayoti va ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi "O‘zbekiston san’ati darg‘alari" turkumi doirasida yaratilgan "Jo‘raxon Sultonov", "Fattohxon Mamadaliyev", "Mukarrama Turg‘unboyeva", "Halima Nosirova" nomli hujjatli filmlar namoyish etildi. Kartinalar O‘zbekiston kinematografiya agentligi Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasida yaratilgan.
Mazkur hujjatli kartinalarning Ustoz va murabbiylar kuni arafasida namoyish etilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, ularning barchasi milliy qo‘shiqchilik, opera, raqs san’atida betakror maktab yaratgan ijodkorlar edi.

— Buyuk odamlar rosmana buyuk bo‘ladi, – dedi musiqashunos olim Soyibjon Begmatov. – Jo‘raxon Sultonov 12 yoshidanoq Farg‘ona vodiysida eng xushovoz xonanda sifatida e’tirof etilgan. Jo‘raxon Sultonov askiyachi, shoir, hofiz, sozanda, bastakor sifatida samarali ijod qilgan. Opera san’ati ustasi bo‘lgan Halimaxonim Nosirovaning ovozi, ijro mahorati g‘oyat betakror bo‘lgan. O‘zbekiston opera teatri o‘z davrida hatto Moskva teatridan ustun bo‘lgan. Sabab o‘zbek opera teatrida jahonning eng yetuk kompozitorlarining asarlari katta mahorat bilan ijro etilgan. Fattohxon Mamadaliyev esa maqom san’atini puxta egallashi bilan birga bu yo‘lda takrorlanmas maktab yaratgan ijodkor edi. Mukarrama Turg‘unboyeva milliy raqsimizni shakllantirib, uni dunyoga olib chiqqan san’atkordir.

Milliy san’at darg‘alarimiz haqidagi hujjatli filmlar muxlislariga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA