Sanʼatimiz sarhadlaridan sadolar
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Jizzax viloyat boʻlinmasi hisobot konserti boʻlib oʻtdi.
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Jizzax viloyat boʻlinmasi hisobot konserti boʻlib oʻtdi.
Milliy musiqa sanʼatining ravnaqi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Ayni paytda anʼanaviy va akademik musiqa hamda raqs sanʼatini rivojlantirish, ijrochilarning kasb mahoratini oshirish va iqtidorli yoshlarni aniqlash uchun shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratilgan, musiqa ijrochilari va raqs jamoalari ijodini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish taʼminlanmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi “Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori badiiy jamoalar va orkestrlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, milliy sanʼatimizni ommalashtirish, xalqimizning maʼnaviy saviyasini oshirish, oʻsib kelayotgan avlodni musiqa-estetik jihatdan tarbiyalash tizimini takomillashtirish hamda milliy, mumtoz va zamonaviy sanʼatni targʻib qilishda yangidan-yangi vazifalarni qoʻymoqda. Xalqimizning milliy, mumtoz, zamonaviy musiqa hamda raqs sanʼatini ilgʻor anʼana va yutuqlar asosida yanada rivojlantirish, aholining musiqa va raqs sanʼatiga boʻlgan qiziqishini, dunyoqarashini konsert-ijrochilik ishlari, musiqiy-maʼrifiy kechalarni tashkil etish orqali yanada rivojlantirish filarmoniya faoliyatida muhim oʻrin egallaydi.
Bugungi kunda oʻz safida koʻplab badiiy jamoalarni birlashtirgan filarmoniyaning mamlakatimiz hududlarida ham filiallari muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Ijodiy tuzilmaning Jizzax viloyati boʻlinmasining faoliyati bunga yorqin misoldir.
– Boʻlinma tarkibida 80 dan ortiq ijrochi, xonanda va sozanda faoliyat koʻrsatadi, – dedi Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Jizzax viloyati boʻlinmasi direktori oʻrinbosari Muhammadjon Yoqubjonov. – Oʻtgan yili Termiz shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida, Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasidagi konsertlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda qatnashdik. Shu bilan birga, Bolgariya, Gretsiyada konsert namoyish etdik. Musiqiy dasturlarimiz asosan jonli ijroda boʻlgani uchun muxlislar hamisha konsertlarimizdan mamnun.
“Sanʼatimiz sarhadlaridan sadolar” deb nomlangan jonli ijrodagi konsert dasturi mamlakatimizning turli hududlarida noyob ovoz, favqulodda isteʼdod sohiblari borligini yana bir karra namoyon etdi. Konsertda Vatanimiz, istiqlolimiz, milliy anʼana va qadriyatlar, osuda, farovon hayotimizni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar, goʻzal raqslar ijro etildi.