Samimiy muloqot talabalarga kuch-g‘ayrat baxsh etdi
Guliston davlat pedagogika institutida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan yoshlar va rahbariyat ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbir talabalar uchun nafaqat ta’lim sohasida, balki hayotiy yo‘nalish va maqsadlarni belgilashda ham muhim maktab vazifasini bajardi.
Yig‘ilishni institut rektori Jahongir Karshiboyev ochdi. U nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q" degan fikrlarini keltirdi. Rektor yangi qabul qilingan talabalarga yuksak ishonch bildirib, ularni yurt ravnaqi yo‘lida bilim va iqtidorini ayamasdan faoliyat olib borishga chorladi.

Uchrashuvda institutda yaratilgan sharoitlar – zamonaviy o‘quv xonalari, axborot-resurs markazi, talabalar turar-joylaridagi qulayliklar, stipendiya va xalqaro grant dasturlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Rahbarlar ta’kidlaganidek, bu imkoniyatlardan samarali foydalanish har bir yoshning kelajak muvaffaqiyatini belgilaydi.

– “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” biz uchun haqiqiy tajriba maktabi bo‘ldi. Jarayonda rahbarlardan biz fikr-mulohaza, nasihatlar eshitibgina qolmay, o‘z g‘oya va takliflarimizni bildirish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik. Bu bizga ishonch va yangi ruh baxsh etdi, – dedi birinchi kurs talabasi Nazokat Boyqulova.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlarning muntazam o‘tkazilishi yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yangi g‘oya va tashabbuslarni rivojlantirish, eng muhimi, rahbarlar va talabalar o‘rtasida muloqot madaniyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri