Sambochilar musobaqasi
Buxoroda sambo bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan uch yuzdan ziyod sportchi g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.
Buxoroda sambo bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan uch yuzdan ziyod sportchi g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.
Bellashuvlarda erkaklar o‘rtasida o‘z vazn toifalarida mezbon sportchilar Mironshoh Sultonov, Husen Ortiqov, Bekzod Ashurov, andijonlik Nutfulla Saydametov, Adham Mirahmedov, Samarqand viloyatidan Mansur Yo‘ldoshev, Xorazm viloyati vakili Feruz Bozorboyev, poytaxtlik Shamil Agayev, qashqadaryolik Farrux Qarshiyev birinchi o‘rinni egalladi.
Xotin-qizlar o‘rtasida samarqandlik Hilola Najmiddinova, Shahnoza Omonova, Vasila Aliboyeva, Iqbol Akromova, Andijon viloyatidan Hilola Erkinova, Feruza Yusupova, Oydinoy Bozorova, Toshkent shahridan Irina Kulakova, mezbon jamoa a’zosi Dilnavoz Rajabova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqada jangovar sambo bo‘yicha mamlakat kubogi sohiblari ham aniqlandi. Unda buxorolik Mirali Saidov, Sharif Qo‘shshayev, Umar Karimov, Behruz Jabborov, Andijon viloyatidan Farrux Madaminov, Suhrob Ergashev, Navoiy viloyati vakillari Ro‘zimurod Yo‘ldoshev, Temur Nazirov, xorazmlik Bekzod Otajonov raqiblaridan mahorat bobida ustunligini namoyish etdi.
– Ushbu bahslar mamlakatimiz sambochilarining 2014-yilgi musobaqalariga yakun yasadi, – deydi O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi prezidenti Ravshan Ahmedjonov. – Buxorodagi bellashuvlarning o‘ziga xos jihati shundaki, unda asosan yoshlar ishtirok etdi. Ular orasida mamlakat bosh terma jamoasi tarkibiga kirgan taniqli sportchilarimizga munosib o‘rinbosarlar kashf etildi. Kubok bellashuvlarida o‘zini ko‘rsatgan sambochilar 2015-yil bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro turnirlarda mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.