Samarqandning zamonaviy “Havo darvozasi” ochildi
Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobining ochiq holdagi ko‘rinishida bunyod etilgan “Samarqand” xalqaro aeroporti foydalanishga topshirildi.
1967 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Samarqand” xalqaro aeroportini bugungi kun talablariga mos, zamonaviy ko‘rinishda bunyod etish bo‘yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan 2019 yilning iyul oyida boshlangan qurilish ishlari yakunlandi. Dunyoning yirik turistik markazlaridan biri hisoblangan Samarqand shahrida turizm hamda tijorat uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi loyihadagi aeroportda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan.
“Samarqand” xalqaro aeroportining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Transport vaziri, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev va boshqalar yangi bunyod etilgan terminal Samarqandning o‘ziga xos va mos bo‘lganligini alohida ta’kidlab, bu yerda yaratilgan imkoniyatlar kelgusida mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, turizmni yanada rivojlantirishga munosib xizmat qilishini qayd etishdi.
- Yurtimizda hukumatimiz tomonidan transport-logistika infratuzilmasini. Shu jumladan, turizmni riavojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, - dedi “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov. – “Samarqand” xalqaro aeroportining zamonaviy arxitekturaviy yechimlar asosida bunyod etilgan yangi kompleksi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib xizmat qiladi. Birinchidan, yo‘nalish parvozlarini sonini, mamlakatimiga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek, tranzit yo‘lovchilar oqimini oshirish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchidan ushbu terminalda yo‘lovchilarga sifatli, qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar muhayyo. O‘ylaymanki, “Samarqand” xalqaro aeroporti xabining kengayishi har jihatdan yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlaridan so‘ng O‘zbekistondagi eng yirik aeroportlardan biriga aylangan, quvvati jihatidan Markaziy Osiyoda ikkinchi o‘rinda qayd etilgan Samarqandning “Havo darvozasi”da 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi.
[gallery-6211]
Shuningdek, aeroportni yirik transport xabiga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bunda mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 7 tadan 20 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 5 taga oshiriladi. Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 25 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 8 tagacha ko‘paytiriladi.
“Ochiq osmon” rejimini joriy etish hisobiga 8 ta xorijiy aviakompaniyani jalb qilish va 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati hamda “Air Marakanda” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha natijasida yangi aeroportda uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etildi. Zamonaviy radioaloqa va yoritish tizimi qurilib, 4 ta yangi trap tayyorlandi. Hududda 70 ta samolyot, 700 ta yengil avtomobillar uchun maxsus bekatlar qurildi.
Yangi terminal soatiga 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, “ochiq osmon” rejimida faoliyat ko‘rsatadi.
“Samarqand” xalqaro aeroportining bugungi zamonaviy qiyofasini yaratish uchun umumiy 170 million dollar mablag‘ sarflandi.
- “Samarqand” xalqaro aeroportini zamonaviy texnologiyalar asosida o‘ziga xos loyiha asosida, boshqacha aytganda ko‘hna Samarqandning nomi va shuhratiga mos tarzda barpo etildi, - deydi “Samarqand” xalqaro aeroporti bosh direktorining operatsion faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Hilmi Yilmaz. – Biz yo‘lovchilarga har tomonlama qulaylik yaratishga harakat qildik. Ko‘rib guvohi bo‘layotganingiz, ro‘yxatdan o‘tkazish, kutish zallari, xizmat ko‘rsatish, barcha-barchasi bugungi zamon talabiga javob beradi va tezkor xizmat ko‘rsatiladi. Yo‘lovchi birinchi navbatda vaqtini tejashni istaydi. Yangi aeroport ushbu talabga to‘liq javob beradi.
O‘ylaymanki, “Samarqand” xalqaro aeroporti loyihaviy jihatdan ham, xizmat ko‘rsatish sifati jihatdan ham Osiyoda o‘z o‘rniga ega va o‘rnak bo‘ladigan maskanga aylanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zamonaviy aeroportning ishga tushirilishi natijasida “Uzbekistan Airways” joriy yildan “Samarqand – Moskva - Samarqand” yo‘nalishida haftasiga uch marotaba, “Samarqand – Sankt-Peterburg - Samarqand” yo‘nalishida haftasiga ikki marotaba, “Samarqand – Istanbul - Samarqand” yo‘nalishida haftasiga uch marotaba, “Samarqand – Olmaota – Samarqand” yo‘nalishida haftasiga ikki marotaba, “Samarqand – Toshkent - Samarqand” yo‘nalishida haftasiga uch marotaba parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, aviakompaniya 2023 yilda yo‘nalish tarmog‘ini rivojlantirib, yangi Sharja va Krasnoyarsk marshrutlarini ochishni rejalashtirmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA