Samarqandliklar “Favvoralar sayli”da
FOTOREPORTAJ
Bugun, 1 may kuni Samarqand shahridagi favvoralar atrofida aholi har kungidan ancha gavjum. Chunki, ko‘hna shaharda bugun “Favvoralar sayli” o‘tkazilmoqda.
Soat 10:00 dan 14:00 gacha sayilning birinchi qismi bo‘lib o‘tdi. Unda musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi. Umumta’lim o‘quvchilari o‘rtasida rasmlar tanlovi uyushtirildi. Sayil keksayu yoshlarga manzur bo‘lib, bahorga xos bo‘lmagan bugungi haroratli kunlarda barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
[gallery-23118]
– Yashash xonadonim favvoralarga yaqin bo‘lmasa-da, har kuni nabiralarni olib ularning atrofini sayr qilib ketaman, - deydi Samarqand shahrining “Gulobod” mahallasida yashovchi Solijon Narziqulov. – Havo haroratiga ko‘tarilgan sayin favvoralar atrofida aholi gavjumlashadi. Nabiralar favvoralar atrofida o‘ynab, maza qilib hordiq chiqarishadi. Biz keksalar o‘rindiqlarda ularning shodon kulgularidan zavq olib, tengqurlarimiz bilan hamsuhbat bo‘lamiz. Muhimi, kunimizni chog‘ o‘tkazib, kayfiyatimiz ko‘tariladi. Keksalikda bu juda ham muhim ekan. Shu bois, bu yerga kelishni kundalik ehtiyojga aylantirganman.
Soat 17:00 dan 22:00 gacha “Favvoralar sayli”ning ikkinchi qismi o‘tkaziladi. Unda ham qiziqarli madaniy dasturlar namoyish etilishi belgilangan.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA