Samarqandlik Vatan posbonlari sharaflandi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari Amir Temur maqbarasini ziyorat qilish bilan boshlandi. Qur’on tilovat qilinib, buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Shundan so‘ng viloyat va shahar hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Markaziy harbiy okrug va Samarqand garnizoni, keng jamoatchilik tomonidan Sohibqiron haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida harbiy parad va jangovar texnika, qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Mard va jasur xizmatchilar ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etdi.
Harbiylarning ko‘chma palatkalarida ularning hayoti va faoliyati aks ettirildi. Dala oshxonasida turli taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga ulashildi.

Bayramga bag‘ishlangan tantanali marosim Samarqand yoshlar markazida o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilarini Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni A.Saidov qutladi.
Prezidentimizning 2021 yil 12 yanvarda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Marosimda samarqandlik mukofot egalariga orden va medallar tantanali topshirildi. Yana bir guruh harbiy xizmatchilar viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Bayram arafasida Prezidentimiz farmoni bilan davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganimdan juda xursandman, – deydi Samarqand harbiy gospitali bo‘linma boshlig‘i, “Sog‘lom turmush” medali sohibi Shuhrat Narziyev. – Bu 23 yillik kamatarona mehnatimning yuksak e’tirofi, shu bilan birga ulkan mas’uliyat deb bilaman. Albatta, bu ishonchga munosib bo‘lib, harbiy xizmatchilar salomatligini muhofaza qilish uchun bor bilim va tajribamni ishga solaman.

Bu yilgi bayram tadbirlari “Kim yurtiga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Ommaviy vatanparvarlik oyligi doirasida viloyatning barcha hududlaridagi ta’lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda harbiy xizmatchilar ishtirokida uchrashuvlar, madaniy tadbirlar uyushtirildi.

San’atkorlarning chiqishlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.