Samarqandlik sportchilar taqdirlandi
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov olimpiya o‘yinlari tarkibiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishib kelayotgan bir guruh sportchilar va ularning murabbiylari bilan uchrashdi.
E.Turdimov mamlakatimizda sportga berilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlab, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilarga minnatdorlik bildirdi.

Bunday uchrashuvlar orqali sportchilarni bo‘lg‘usi musobaqalar oldidan o‘ziga xos ruhlantirish hamda yurtimizda yoshlarni sportga keng jalb etish asosiy maqsad ekanligini qayd etdi. Shuningdek, navbatdagi Olimpiya o‘yinlarida samarqandlik sportchilar tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritib, kirib kelayotgan 2021 yil Samarqand sporti yili bo‘lib tarix zarvaraqlaridan joy olishi lozimligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, sportchilar va ularning murabbiylari viloyat hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Ayni paytda Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqalarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz, – deydi Samarqand davlat universiteti talabasi, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, sport ustasi Navbahor Hamidova.
– Shu paytgacha 4 karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritganman. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida ikkinchi o‘rinni egalladim.

Maqsadim Olimpiya o‘yinlarida ham ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishdan iborat. bugungi tadbirda viloyat hokimi tomonidan bildirilgan yuksak e’tirof bizni yanada ruhlantirdi. Endi yanada ko‘proq o‘z ustimizda ishlab, bildirilgan ishonchga munosib g‘alabalar bilan javob beramiz.
Tadbir yakunida konsert dasturi namoyish etildi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA