Samarqandlik fidoyilar taqdirlandi
Samarqand viloyati hokimligida Prezidentimizning tegishli farmonlariga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh yurtdoshlarimizga ushbu mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
– Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish– bu davlat rahbarining e’tirofi, juda katta faxr, – dedi Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov marosim avvalida. – Chunki, har bir fidoyi inson o‘z hayoti davomida zimmasidagi vazifani sharaf bilan, vijdonan bajarish jarayonida elning, rahbariyatning nazariga tushadi, olqish, duo oladi. Zahmatli mehnatlar yurt sarboni tomonidan e’tirof etilib, davlat mukofotiga loyiq ko‘rilsa, kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shiladi. Qolaversa, bu boshqalarni ham faollikka chorlaydi. Bugun sizlar ana shunday sharafga munosib ko‘rilgan Samarqandning eng faol, fidoyi, jonkuyar insonlarisiz. Barchamiz sizlar bilan faxrlanamiz, ibratli faoliyatingiz, hayot yo‘lingizni boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatamiz.
Bu yil Samarqand viloyatidan o‘z sohasining fidoyisi bo‘lgan usta-hunarmandlar, nuroniylar, tajribali rahbarlar, ta’lim, tibbiyot sohalari va mahalla tizimi xodimlari, tadbirkorlar, tomorqachilar, kommunal xo‘jalik vakillari, huquq-tartibot idoralari xodimlari – yigirma nafarga yaqin insonlar davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Marosimda davlat mukofotlarini Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tantanali topshirdi.
[gallery-19011]
– Bir umr tibbiyot sohasida ishladim, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini oshirishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shdim, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Urgut tumani bo‘limi raisi, “Do‘stlik”ordeni sohibi Farmon Azizov. – O‘n yildan buyon esa tumanimiz nuroniylariga yetakchilik qilib kelyapman. Prezidentimizning nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga bo‘lgan e’tibori tufayli bugun keksa avlod vakillariga barcha joyda alohida izzat-ikrom ko‘rsatilmoqda. Har yili yuzlab nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanyapti, “Uch avlod uchrashuvlari”ni o‘tkazish an’ana aylandi. Bunga javoban faxriylarimiz ham mahalalalarda, ta’lim muassasalarida yoshlarga murabbiy, ustoz, maslahatchi sifatida hayot tajribalarini o‘rgatmoqda, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun mas’uliyatni zimmasiga olyapti. Ana shu nuroniylar qatorida tanimda quvvat, bilagimda kuch bor ekan, shu aziz Vatanimiz uchun xizmat qilishni sharaf deb bilaman.
Marosimdan so‘ng tadbir qatnashchilari uchun bayram dasturxoni yozildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari