Samarqandlik 20 nafar shaxs afv etildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar shaxs afv etildi.
Farmon asosida afv etilganlar orasida 20 nafar samarqandlik ham bor. Ularning 12 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan, 8 nafari probatsiya nazoratidan muddatidan oldin shartli ozod etildi. Ularning bir nafari ayol kishi.
Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi Sherxon Egamberdiyev ham ana shu insonparvarlikdan bahramand bo‘lib, muddatidan oldin uyiga, oilasi bag‘riga qaytdi. U jinoyat kodeksnining 273-moddasi 5-qismi bilan 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
– Prezidentimizning bag‘rikengligi, insonparvar siyosati tufayli belgilangan jazodan uch yil oldin ozod etildim, – deydi Sh.Egamberdiyev. – Albatta, buning qadriga yetib, endi to‘g‘ri hayot kechiraman. O‘tgan vaqt mobaynida ozodlikning qanchalik aziz ne’mat ekanligini his qildim. Ko‘p narsa yo‘qotdim. Bundan o‘zimga xulosalar chiqardim.
Samarqand viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Nodir Karimovning qayd etishicha, afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish bilan birga ularning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri