"Samarqanddan maktublar" nelardan so‘zlar?
Jadidchilar asoschisi, alloma, ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z hayoti, faoliyati, millatni yorug‘likka yetaklash yo‘lidagi intilishlari davomida nimalarni orzu qilgan, nelardan ranjigan, iztirobga cho‘mgan? Millatni tanazzulga boshlovchi illatlar, dabdababozlik, ko‘r-ko‘ronalik, ortiqcha hasham, to‘y va ma’rakalardagi isrofgarchiliklar, boyligu, moddiyatga mukkadan ketishdek salbiy holatlar buyuk jadid bobomizni ranjitgani rost.
Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida atoqli jamoat arbobi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan «Samarqanddan maktublar» nomli badiiy-ma’rifiy ko‘rgazmada bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.
Manbalarga ko‘ra, «Samarqanddan maktub» 1903 yildan boshlab «Turkiston viloyati gazetasi» uchun Behbudiy tomonidan yuborilgan turkum maqolalar to‘plami bo‘lib, unda millatni zulmatdan nurga eltuvchi ilm va taraqqiyot g‘oyalari haqida jadid bobomizning fikrlari batafsil bayon etilgan.
Axir to‘y va ma’rakalardagi ortiqcha hashamlar, dang‘illama uylar, moddiy boyliklarni ko‘z-ko‘zlash, diniy qarashlarni taraqqiyot va zamon o‘zgarishiga qarama-qarshi qo‘ygan holda mutaassiblikka yuz burishdek jihatlarni Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan yuz yil muqaddam, qo‘hna Samarqandda dard va iztirob bilan o‘z maktublarida izhor etgan. Xatlarning nusxalariga ko‘z yugurtirib, ustoz Behbudiyni bezovta etgan ayrim muammolar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganiga ishonch hosil qilish mumkin.

Behbudiyning «Oyina» jurnalida e’lon qilingan «Turkiston tarixi kerak», «Ikki emas, to‘rt til lozim», «Bizni kemiruvchi illatlar», «Yoshlarga murojaat» singari maqolalarida xalqimizga xos katta–katta muammolar dadil o‘rtaga tashlangan.
«Samarqanddan maktublar» nomli ushbu ko‘rgazmada ustoz Behbudiyning 200 dan ortiq maqolalari, maktublari, sayohat esdaliklaridan tanlab olingan iqtiboslar keltirilgan. Ularning bari millat, taraqqiyot, Vatan qayg‘usi bilan yo‘g‘rilgani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘rgazmada shuningdek, arxiv materiallari, fotosuratlar, Behbudiy tomonidan nashri yo‘lga qo‘y ilgan o‘quv qo‘llanmalari, Samarqand maktabiga xos bo‘lgan amaliy san’at namunalariga keng o‘rin berilgan. Ularning bari tinch va osoyishta, hur zamonlarning qadriga yetishga undashi bilan qadrlidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA