Samarqanddan gapiramiz!
O‘ttiz yil davomida radio orqali har kuni shu so‘zlarni aytib efirga chiqqan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulovni samarqandliklar yaxshi taniydi.
Bu yillar davomida Samarqandda u bormagan qishloq, xo‘jalik qolmagan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Viloyat hududlaridagi har bir yangilik, voqea-hodisa yoki yuzaga kelgan muammo va nuqsonlar haqida joyidan xabar, reportajlar tayyorlab, xalqqa yetkazishga intilgan. Uning nomi, ovozi, hatto filmlarda ham yozib olingan va tarixga muhrlangan.
Bugun 90 yosh ostonasida turgan ustoz jurnalist aslida bu boradagi faoliyatini maktab davridayoq boshlagan.
– Ota-onamizdan erta ajralib qolganimiz uchun yaqin qarindoshlarimiz qo‘lida tarbiyalanganmiz, – deb yoshlik yillarini eslaydi Obloqul Usmonqulov. – Balki ana shu murakkab taqdir yo‘li tufayli bolaligimdan qo‘limga qalam olib, ko‘rgan-kechirganlarimni yozib yurardim, kundalik tutardim va gazetalarga xat-xabarlar yuborardim. Payariq tumani tashkil etilgach, gazeta ochilib, 1954-yilda meni shu gazetaga texnik xodim sifatida ishga qabul qilishdi. Bu paytda qishloq maktabining 9-sinfida o‘qirdim. Uch yil shu yerda ishlagach, maktabni bitirib, O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘qidim. Keyin Samarqand viloyatining bosh gazetasi – “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida faoliyat boshladim. Adabiy xodim, adabiy kotib, mas’ul kotib o‘rinbosari, mas’ul kotib bo‘lib ishladim.
Obloqul Usmonqulovning Samarqand viloyat radioeshittirish qo‘mitasidagi faoliyati 1967-yildan boshlangan va nafaqaga chiqquniga qadar, 1998-yilgacha shu yerda ish olib bordi. Respublika radiosining Samarqand viloyati bo‘yicha o‘z muxbiri, Samarqanddagi muxbirlik punkti mudiri – katta muharriri bo‘lib ishladi.
– 1974-yilda Bektosh Rahimov Samarqand viloyati rahbari bo‘lib kelgach, menga u kishidan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 15 daqiqalik intervyu olish topshirig‘i berildi, – deydi Obloqul Usmonqulov. – Bektosh aka bilan o‘shanda tanishgandim. Bu paytda u kishi ikki viloyatni boshqarib boy tajriba to‘plagan, juda bilimli rahbar, mahoratli notiq edi. Intervyuni qisqa fursatda yozib oldik. Keyin biroz suhbatlashdik, hududlardagi muhim masalalar, ish jarayonim haqida so‘radi. Shu bilan birga Samarqandni yanada obod qilish uchun o‘zining rejalari haqida gapirdi. Bektosh akaning ommaviy axborot vositalariga munosabati juda yaxshi edi, jurnalistlarni hurmat qilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak birga ishlaymiz, menga yordam berasizlar, deb hokimlikdan xona qilib berdi. Qayerga boradigan bo‘lsa, yig‘ilishlar o‘tkazadigan bo‘lsa, bizlarni ham taklif qilar, tadbirdan so‘ng esa fikrimizni so‘rardi. Radioda Samarqanddan beriladigan har bir eshittirishni tinglab borar, gazetadagi maqolalarni o‘qir va keyin bu haqda boshqa rahbarlardan ham so‘rardi. Materiallarda ko‘tarilgan muammolar hal etilishini nazoratiga olardi. Hayotim davomida ommaviy axborot vositalari vakillari, ziyolilarga bunday munosabatni Shavkat Mirziyoyev faoliyatida, u kishi viloyatimizga birinchi rahbar bo‘lib ishlaganida ham ko‘rdim. 2003-yilda viloyat televideniyesida “Nuroniy” studiyasi tashkil etilishi ham u kishining tashabbusi bo‘lgandi. Jamg‘arma viloyat bo‘limi raisi, rahmatli Hasan Normurodov yordami bilan ushbu studiyada o‘n yil davomida 150 dan ortiq ko‘rsatuv tayyorladik, samarqandlik keksa avlod vakillarining hayoti, tajribasi va yoshlarga ibratini targ‘ib etdik.
Qariyb bir asrlik hayot yo‘lini bosib o‘tayotgan Obloqul Usmonqulov shu yoshida ham yangi g‘oya va tashabbuslar bilan shogirdlariga, farzand va nabiralariga namuna bo‘lmoqda. U hozir “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi qoshidagi Kitobsevarlar ko‘ngilli jamiyati rahbari sifatida aholi o‘rtasida kitob va kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasida ish olib bormoqda. E’tiborlisi, bu jamiyatni xalqimizning sevimli yozuvchisi Abdulla Qahhorning umr yo‘ldoshi Kibriyo Qahhorova nomi bilan atab, Samarqandning dilbar qizi nomini abadiylashtirishga hissa qo‘shmoqda. Hozirda jamiyatga ellikka yaqin nuroniy ijodkorlar jalb etilib, noshirlik faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Keyingi uch yil davomida bu kitobsevarlar Obloqul Usmonqulov boshchiligida “Imom Buxoriy chiroqlari”, “Samarqand qasidasi” va “Boqiy Samarqand” kitobining birinchi jildini nashrga tayyorlashga erishdi.
Bundan tashqari, ustoz jurnalist o‘zi tug‘ilib o‘sgan Payariq tumanidagi Turkibola mahallasida mo‘’jaz bog‘ va uy-muzeyi tashkil etgan va bu yerda tez-tez ijodiy uchrashuvlar, ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.
– Bugun yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlarga shunchaki tomoshabin emas, faol ishtirokchi bo‘lish zarur, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Obloqul Usmonqulov. – Qarang, davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun, xalqimizning baxti va farovon yashashi uchun tunu kun tinim bilmay ishlayapti. Vatanga sadoqatni, elga mehrni u kishidan o‘rganishimiz kerak. Ayniqsa, biz – jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari bu yangilanishlar, o‘zgarishlar mohiyatini xalqimizga, yoshlarga yetkazishimiz, tushuntirishimiz zarur, deb o‘ylayman.
[gallery-30055]
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari