Samarqanddagi naslchilik xo‘jaliklari ko‘paydi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 fevraldagi “Naslchilik xo‘jaliklari maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
– Joriy yilning 1 yanvar holatida viloyatda chorvachilikning barcha yo‘nalishida 177 ta naslchilik xo‘jaliklari mavjud edi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi bosh inspektori U.Yaxshimurodov. – 2022 yilning 6 oyi davomida esa qoramolchilik yo‘nalishida 12 ta, qo‘ychilik yo‘nalishida 2 ta, parrandachilik va asalarichilik yo‘nalishlarida 1 tadan, jami 16 ta sub’ektga naslchilik maqomi berildi.
Jumladan, qoramolchilik yo‘nalishida Bulung‘ur tumanidagi “Xo‘jan Normatov dalasi” fermer xo‘jaligiga qoramollarning Simmental zoti bo‘yicha, Samarqand tumanidagi “Qurbon chorva” fermer xo‘jaligiga qoramollarning Golshtin zoti bo‘yicha, qo‘ychilik yo‘nalishida Qo‘shrabot tumanidagi “Jo‘sh qorako‘l naslli chorva” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qo‘ylarning Hisori zoti bo‘yicha, parrandachilik yo‘nalishida Oqdaryo tumanidagi “Zarafshon Lomann Parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga parrandalarning supernik zoti bo‘yicha va asalarichilik yo‘nalishida Toyloq tumanidagi “Orzu Olim Dilmurod” fermer xo‘jaligiga asalarining Karpat zoti bo‘yicha naslchilik maqomi berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA