Samarqanddagi bayram tashkilotchilari taqdirlandi
Yangi yil bayrami munosabati bilan Samarqand viloyati hokimligi hududlarni, bino va inshootlarni bayramga mos bezatish, ko‘rkam archa o‘rnatish bo‘yicha bir necha nominatsiyada tanlov e’lon qilgandi.
Yangi yil bayrami oqshomida tanlov g‘oliblari nomi e’lon qilinib, munosib rag‘batlantirildi.
Jumladan, “Eng namunali tuman va shahar” nominatsiyasida birinchi o‘rin
Pastdarg‘om tumaniga berilib, 60 million so‘m pul mukofoti, ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari hokimliklariga 35 million so‘mdan, uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Urgut, Ishtixon va Samarqand tumanlari hokimliklariga 15 milliondan so‘m pul mukofoti berildi.
Samarqand shahar Ko‘ksaroy maydonida o‘rnatilgan archa “Eng chiroyli bezatilgan archa”, Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasi “Eng namunali ko‘cha”, Samarqand tumanida joylashgan “Boqiy shahar” majmuasi “Eng chiroyli bezatilgan bino”, Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi “Eng chiroyli bezatilgan tashkilot” nominatsiyasi g‘olibi deb e’tirof etilib, mas’ullar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
[gallery-21120]
Shuningdek, bayram tashkilotchilariga Xorazmga bepul sayohat yo‘llanmalari taqdim etildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari