Samarqandda psixotrop moddalar savdosi oldi olindi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB bilan hamkorlikda psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbirlar o‘tkazmoqda.
Joriy yilning 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan shunday tadbirda muqaddam sudlangan, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro A.B. hamda uning samarqandlik hamtovog‘i, muqaddam sudlangan, “Samarqand – Toshkent” yo‘nalishida kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro G‘.X. psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan vaqtda ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Fuqaro G‘.X. bir necha kun oldin A.B. ga katta miqdordagi psixotrop dori vositalari uchun 1600 AQSH dollari berganligi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan aniqlangan edi. Tezkor tadbir davomida fuqaro A.B. Samarqand shahridagi Registon mahallasi hududida G‘.X.ga 1414 dona “Regopen” psixotrop dori vositasini (101 qadoqda) berayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
G‘olib Hasanov, O‘zA.