Samarqandda “Kelajak liderlari” klubi ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali qoshida davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi.
Shu munosabat bilan Samarqand yoshlar markazida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanovlar ishtirok etib, klub faoliyati bugungi kunda mamlakatimizda kadrlar bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. “Kelajak liderlari” klubining samarali faoliyatini tashkil etish maqsadida Agentlik va viloyat hokimligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma qaror imzolanib, tomonlarning kelgusi vazifalari belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus mamlakatimizda yoshlar siyosatini amalga oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish, yoshlarni, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish, davlat xizmatining jozibadorligini oshirish hamda yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirishdan iborat.
- Klubni tashkil etish davlatimiz rahbarining 2020 yil 25 dekabrda o‘tkazilgan Yoshlar forumidagi nutqi, Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda joriy yil dasturida qayd etilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadiga qaratilgan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat hududiy filiali direktori R.Qobilov. – Klub a’zolari to‘rt bosqichdan iborat saralash bosqichlari orqali saralab olindi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan saralash bosqichi haqidagi platforma bo‘yicha 518 ta hujjat qabul qilindi. Nizomda belgilangan talab asosida to‘rt bosqichda sinovdan o‘tkazilgan nomzodlar orasidan eng munosib 50 nafar lider yoshlar klub a’zoliga qabul qilindi. Ularning 18 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lsa, 32 nafari yosh davlat fuqarolik xizmatchilaridan iborat. Endilikda ushbu yoshlar o‘z faoliyatlari davomida jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar bilan o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilgan holda ishlab, ularni imkon qadar yechmini topishga harakat qilishlari kerak. Bunda liderlar muammolarni ma’lum rahbarlarga ko‘tarib chiqishi emas, balki ularga yechim topishlari talab etiladi. Belgilangan tartibda ularning faoliyatini baholanib boradi. Qisqa qilib aytganda, “Kelajak liderlari” safida o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini ko‘rsata olganlar qoladi.
Tadbir davomida Erkinjon Turdimov va Otabek Hasanov “Kelajak liderlari” bilan o‘zaro muloqot qilib, klub faoliyatini samarali tashkil etish, bunda e’tibor qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida fikr almashishdi.
- Jamiyatda yechimini kutayotgan muammolar talaygina, - deydi klub a’zosi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Sarvinoz Tursunova. – Muammolar ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng miqyosda tanqidiy, tahliliy chiqishlar orqali ko‘tarilmoqda. Biz liderlarning vazifasi muammoni ko‘tarish emas, balki uning yechimini topish, deb bilaman. bugungi kunda muammoli masalalarning ko‘pib borayotganligi rahbar kadrlarning boshqaruv tizimi bo‘yicha yetarli bilim va malakaga emasliklarida deb o‘ylayman. Biz bugundan ana shunday muammolar bilan ishlab, ularning yechimini o‘z vaqtida topishni o‘rgansak va amaliyotda buni isbotlasak, albatta, kelajakning liderlari bo‘lib shakllanamiz. Eng muhimi, mazkur jarayonda jamiyatdagi tarqqiyotga g‘ov bo‘layotgan ko‘plab muammolarga yechim topamiz.
Tadbir yakunida viloyat hokimi va agentlik mutasaddilari har chorakda bir marta “Kelajak liderlari” klubi a’zolari bilan uchrashib, ular aniqlagan muammolar muhokamasini tashkil etilishi ma’lum qilindi.
[gallery-1973]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA