Samarqandda ISUZUning “D-MAX” avtomobili ishlab chiqarilishi mumkin
Samarqand avtomobil zavodida korxona tashkil etilganligining yigirma yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi
Samarqand avtomobil zavodida korxona tashkil etilganligining yigirma yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi.
Bundan yigirma yil avval, 1999 yil mart oyida Samarqand shahrida zamonaviy avtobuslar ishlab chiqarilib, Samarqand avtomobil zavodining tijoriy faoliyati boshlangan edi. Dastlab Turkiyaning “Koch” kompaniyasi bilan hamkorlikda zavodda 2 rusumdagi avtobus, 3 rusumdagi yuk tashish avtomobillari tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Keyinchalik “SamAvto” masʼuliyati cheklangan jamiyati Yaponiyaning “ISUZU Motors” kompaniyasi va “Itochu corporation” korporatsiyasi bilan hamkorlik oʻrnatdi. Ayni paytda Samarqand avtomobil zavodida shahar ichida va shahardan tashqarida harakat qilishga moʻljallangan 7 turdagi zamonaviy avtobuslar, 36 xil yuk va maxsus avtomobillar tayyorlanmoqda.
Eng muhimi, oʻtgan davrda samarqandlik avtomobilsozlar oʻz milliy mahsuloti – LE60 past shasseli shahar avtobusini yaratib, uni keng koʻlamda ishlab chiqarmoqda.

Bugungi kunda korxonada 1200 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Shu paytgacha zavodda 33 ming 700 dan ortiq avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarildi. Ushbu transport vositalari yurtimizda ushbu turdagi avtobus va yuk mashinalariga boʻlgan ehtiyojni qondirish barobarida Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya, Ozarboyjon, Gruziyaga eksport qilinmoqda.
Viloyat hokimi E.Turdimov zavod jamoasi va xorijlik hamkorlarni korxona tashkil etilganligining 20 yilligi bilan tabrikladi. “SamAvto”ning yurtimiz iqtisodiyotida tutgan oʻrnini eʼtirof etdi va zavod rahbariyatiga viloyat hokimligining esdalik sovgʻasini topshirdi.
Shuningdek, marosimda “ISUZU Motors” kompaniyasi va “Itochu corporation” korporatsiyasi vakillari soʻzga chiqib, samarqandlik avtomobilsozlar bilan hamkorlik ular uchun har tomonlama manfaatli ekanligini taʼkidlab, kelgusida ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish va mahsulot turini yanada koʻpaytirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.
Zavod tashkil etilishida faol ishtirok etgan soha xodimlari va hamkor tashkilotlar vakillari ham jamoani qutlugʻ sana bilan muborakbod etdi.

– Korxona tashkil etilganidan buyon shu yerda mehnat qilib kelayotganim bilan faxrlanaman, – deydi Samarqand avtomobil zavodi zavod sex boshligʻi Shodixoʻja Abulqosimov. – Oʻtgan yillar davomida zavodning oyoqqa turib olishi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning xalqaro bozorda oʻz oʻrnini topishi uchun jamoamiz bilan astoydil harakat qildik. Davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi, xorijiy hamkorlarimizning ishonchi tufayli bugun “SamAvto” mintaqadagi davlatlar orasida avtomobilsozlik sanoatida munosib oʻringa ega boʻldi. Kelgusida bu salohiyatni yanada oshirish uchun bor bilim va kuchimizni ishga solib harakat qilamiz.
Tantanali marosimdan soʻng, yaponiyalik hamkorlar Samarqand viloyati hokimligi va “Oʻzavtosanoat” kompaniyasi vakillariga “ISUZU Motors” kompaniyasining “D-MAX” avtomobilini koʻrsatib, kelgusida zavodda ushbu turdagi avtomashinalarni ham ishlab chiqarish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.