Samarqandda ilk bor xalqaro marafon o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – xalqaro xayriya marafoni o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – xalqaro xayriya marafoni o‘tkazildi.
Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur xalqaro marafon madaniyat va san’at ob’ektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport turizmini rivojlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Marafondan tushgan mablag‘ Toshkent shahridagi teatrlardan birida tiflosharhlar yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Bu zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov marofon qatnashchilarini tabriklar ekan, tadbirning ana shu jihatlariga e’tibor qaratdi.
Dunyoning 23 davlatidan kelgan 1100 nafardan ortiq sportchi va havaskor Islom Karimov ko‘chasidan 10; 21,1; 2 kilometr masofalarda marafonga kirishdi.
Marafonchilar Samarqand shahri ko‘chalari bo‘ylab, jumladan, Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidi, Xo‘ja Doniyor yodgorligi, Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Bibixonim masjidi singari tarixiy obidalar oldidan belgilangan masofani bosib o‘tdi. Ularni shahar aholisi, mehmonlar olqishlab turdi.
10 kilometrlik masofaga birinchi bo‘lib qozog‘istonlik Dmitriy Ivanchukov yetib keldi. Ikkinchi o‘rin hamyurtimiz Yevgeniy Fadeevga, uchinchi o‘rin esa qozog‘istonlik yana bir sportchi Mixail Krasilovga nasib etdi.
– Ushbu marafonda qatnashish imkoniyatini yaratgani uchun tashkilotchilarga katta rahmat, – deydi Dmitriy Ivanchuk. – Trassa murakkab, ammo masofani birinchi bo‘lib bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim va shaxsiy rekordimni yangiladim.
10 kilometrlik masofada xotin-qizlar o‘rtasida ham qozog‘istonlik sportchi Tatyana Neroznak g‘olib bo‘ldi. O‘zbekistonlik Zarnigor Xudoyberdieva marraga ikkinchi, Marina Xmelevskaya esa uchinchi bo‘lib yetib keldi.
21,1 kilometrga yugurgan marafonchilar orasida hamyurtimiz, surxondaryolik Shohrux Davlatov birinchi bo‘ldi. U ushbu masofani 73 daqiqada bosib o‘tdi.
Keyingi o‘rinlar ham mamlakatimiz vakillari – Andrey Petrov va Begzod Safarovga nasib etdi.
– Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro yarim marafonda g‘olib bo‘lganimdan juda xursandman, – deydi Shohrux Davlatov. – Bu kun hayotimdagi tarixiy kun bo‘lib qoladi. Samarqandda marafonga juda katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim. Mehmondorchilik uchun minnatdorlik bildiraman.
Xotin-qizlar orasida ham ushbu masofada mamlakatimiz vakillari tengsiz ekanligini isbotladi. Namanganlik Nurxon Muhiddinova marra chizig‘ini birinchi bosib o‘tgan bo‘lsa, Yekaterina Tunguskova ikkinchi, Tamila Kochkarova uchinchi bo‘ldi.
2 kilometr masofada marafon qatnashchilari soni ko‘p bo‘ldi. Sportchilar bilan birga havaskorlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Ushbu masofada marra chizig‘ini farg‘onalik Xurshid Ahmadaliev birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Xotin-qizlar o‘rtasida Samarqand davlat universiteti talabasi Marjona Barotova birinchi bo‘ldi.
– Olti yildan buyon yengil atletika bilan shug‘ullanaman, – deydi M.Barotova. – Ko‘plab musobaqalarda g‘olib bo‘lganman. Lekin bugungi g‘oliblikning zavqi boshqacha bo‘ldi. Chunki, marafonda taniqli sportchilar bilan birga turli sohalar vakillari, keksalar, havaskorlar ham faol ishtirok etdi.
Marafon g‘oliblari tashkilotchilarning pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, faol ishtirokchilar ham munosib rag‘batlantirildi.