Samarqandda ilgari surilgan tashabbuslar amaliy natijalarga, aniq va foydali loyihalarga aylanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida qatnashish uchun 3-4-may kunlari Samarqandda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari 3-may kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani, shuningdek, bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlarini qabul qildi.
Mazkur uchrashuvlarda O‘zbekistonning Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari, xorijiy davlatlar va nufuzli kompaniyalar bilan iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, sammit doirasida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi sheriklik dasturi imzolangani, unga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishining ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tkazilayotgan forumda 100 dan ortiq mamlakatdan 4 mingdan ziyod ekspertlar, shuningdek, xorijiy hukumatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi banklar va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Kun tartibidan raqamli va “yashil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, ishlab chiqarish ta’minoti zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va boshqa masalalar o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari tadbirda nutq so‘zlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda o‘tkazilayotgani O‘zbekistonga g‘urur va iftixor bag‘ishlashini ta’kidladi.
Prezidentimiz buyuk tarix va yorqin kelajakni o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston yetakchisi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra o‘sdi, milliy iqtisodiyot hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.
2020-yildan buyon O‘zbekiston suveren kredit reytinglarida o‘z o‘rnini izchil oshirib bormoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Global beqarorlik sharoitida ham iqtisodiyotimiz birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7 foizli o‘sishga erishdi.
– Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratdik. Biz o‘tgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambag‘allik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik, – dedi Prezidentimiz.
O‘zbekiston oxirgi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biri bo‘ldi.
2030-yilga qadar barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsad qilingan.
Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi. OTB bilan amalga oshirilgan va joriy qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda, Bank boshqaruvchilari hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga yaqin hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan murakkab o‘zgarishlar va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi haqida so‘z yuritar ekan, barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Raqamli transformatsiya va sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda Sun’iy intellekt xabini yaratish boshlandi, hududlarda data markazlarni ko‘paytirish, super kompyuterlarni ishga tushirish va “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda.
– Ta’lim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda ham ochiq sun’iy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Osiyo taraqqiyot banki shafeligida rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif etildi. O‘zbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilishga tayyorligini ma’lum qilib, Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.
“Yashil” energetikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli quvvatlar ishga tushirildi, 2030-yilga borib esa generatsiyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishga ko‘maklashayotgani minnatdorlik bilan ta’kidlandi. Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu “energetik arteriya” loyihasini boshlashiga ishonch bildirildi.
Keyingi dolzarb vazifa – transport tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini va logistika yo‘laklari barqarorligini ta’minlash.
Xalqaro logistikadagi qiyinchiliklar “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurishning ahamiyatini oshirmoqda. Mazkur loyiha yuklarni yetkazib berish muddatini 10 kungacha qisqartirish va butun mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklif etildi.
Muhim minerallar zaxiralarini o‘zlashtirishda hamkorlik salohiyati alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, O‘zbekiston nafaqat foydali minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston yetakchisi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan loyihalarni ilgari surish uchun Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qo‘shilish muhimligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish muhim vazifa sifatida belgilandi. Orol dengizining qurigan tubida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarga qo‘shimcha ravishda “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif qilindi.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi. Loyiha mintaqadagi noyob madaniy, ziyorat, gastronomik, etnografik va boshqa ob’ektlarni sayyohlar uchun yagona makonga birlashtirishga qaratilgan.
Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslarni tizimli ilgari surish uchun OTBning loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha keng imkoniyatlarini, jumladan, xususiy kapitalni safarbar qilish orqali to‘liq ishga solish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan keskin o‘zgarishlar sharoitida Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashdagi muhim o‘rni yanada oshayotganini ta’kidladi.
Yakunda Prezidentimiz Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonch bildirdi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqandga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV, G‘olib HASANOV,
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA maxsus muxbirlari