Samarqandda “FIDE Excellence Awards“ mukofotlari o‘z egalariga topshiriladi
Joriy yil sentabr oyida Samarqandda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari, terma jamoalari ishtirokida o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida “FIDE Excellence Awards“ mukofotlari o‘z egalariga topshiriladi.
Bu haqda xabar tarqatgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yildan e’tiboran “FIDE Excellencye Awards” mukofoti ta’sis etilgani, oltita asosiy va beshta qo‘shimcha sovrinni jamlagan dastur global shaxmat hamjamiyatidagi ajoyib yutuqlar, shaxslar, tadbirlar, jamoalar, milliy federatsiyalar va tashabbuslarni e’tirof etish nazarda tutilganini keltirib o‘tdi.

Dasturga muvofiq, har ikki yilda o‘z sohiblarini topadigan “FIDE Excellence Awards“ sovrini “Eng yaxshi erkak va ayol shaxmatchi”, “Eng yaxshi shaxmat federatsiyasi, “Eng yaxshi turnir”, “Eng yaxshi jamoa”, “Eng yaxshi shaxmat g‘oyasi” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha tashkil etilishi belgilangan.
Tanlov jarayoni uch bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich joriy yil 1-30-iyun, ikkinchi bosqich 1-15-iyul va uchinchi bosqich sentabr oyida Samarqandda o‘tadigan shaxmat olimpiadasi jarayonida g‘oliblar va sovrindorlar nomi e’lon qilinishi jarayonini qamrab oladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA