Samarqandda faol mahalla xodimlari rag‘batlantirildi
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi mahalla faollarini 22 mart kuni yurtimiz tarixida ilk bor nishonlangan mahalla tizimi xodimlari kuni bilan tabrikladi.
- Prezidentimiz O‘zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga tabrigida Siz qadrli faollarning mehnatingizga yuksak baho berdilar, - dedi E.Turdimov. -
Ayniqsa, pandemiya davrida ko‘rsatgan jonbozliklaringiz tahsinga loyiq.
Chunki, barchamiz mahallada yashaymiz. Hayotimizni mahallasiz tasavvur eta olmaymiz. Bugun har qanday masala mahallada hal etilayapti.

Prezidentimizning 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan har bir hududda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili amalga oshirilmoqda.
Viloyatda 2020 yildan shu davrgacha 51 ta zamonaviy tipdagi mahalla idoralari yangidan qurildi, 117 ta mahalla binosi homiylar va hashar yo‘li bilan qurilib, foydalanishga topshirildi. 55 ta mahalla idorasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi.

Mahalla yordamida 4324 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, ajrim yoqasiga kelib qolgan 1300 ta oila yarashtirildi,
1000 ga yaqin oilaning notinchligiga barham berildi, 623 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi, namunali mahallalar soni viloyatda 230 taga yetdi.
Tadbirda samarqandlik 57 nafar mahalla faollari "Mahalla iftixori" ko‘krak nishoni bilan, yana bir guruh mahalla xodimlari viloyat hokimining Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, "Obod va xavfsiz mahalla" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblariga viloyat hokimligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA