Samarqandda elektr tarmoqlari qishga tayyorlanmoqda
Kuz-qish mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi ta’minot tizimi barqarorligini ta’minlash, mavjud tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash va ehtimoliy avariyaviy holatlarning oldini olishni taqozo etadi. Shu bois Samarqand viloyatida elektr ta’minoti ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, tarmoqlarni ta’mirlash va zarur ehtiyot qismlar zaxirasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali tomonidan aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz, ishonchli hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Filial axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda viloyatda jami 1 million 22 ming 850 nafar iste’molchi mavjud. Ularning 63 ming 485 tasini yuridik shaxslar, 959 ming 365 tasini esa aholi iste’molchilari tashkil etadi. Filial tasarrufida 32 ming 123,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 15 ming 42 ta transformator punkti bor.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 3 ming 20 kilometr elektr tarmog‘i va 1 ming 220 ta transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari bajarilib, belgilangan reja to‘liq ado etildi.
Shuningdek, 6 ming 986,5 kilometr elektr tarmog‘i va 2 ming 61 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirga qadar 6 ming 591 kilometr tarmoq hamda 1 ming 955 ta transformator punktida belgilangan ishlar bajarildi.
Mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 101 ta avariya-tiklash brigadasi shakllantirilib, ularga 765 nafar mutaxassis, 21 ta maxsus texnika va 73 ta xizmat avtomashinasi biriktirilgan.
Bundan tashqari, ta’mirlash va tiklash ishlarini o‘z vaqtida bajarish uchun zarur materiallar zaxirasi yaratilgan. Jumladan, turli quvvatdagi 30 ta transformator, 172 ta temir-beton tayanch, 16,5 kilometr kabel, 376 ta mufta, 39,3 tonna transformator moyi hamda 10 ming 300 dan ortiq izolyator, saqlagich va boshqa elektr jihozlari jamg‘arilgan.
[gallery-31941]
Amalga oshirilayotgan ishlar elektr ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, mavsumiy yuklamalarga tayyor turish va iste’molchilarga uzluksiz xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA