Samarqandda 16 ta “hokimlik bog‘i” tashkil etiladi
Joriy yilning 11 oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish va “Yashil makon” kuzgi mavsumini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilning 25 oktyabridan 1 dekabrgacha kuzgi daraxt ekish mavsumi deb e’lon qilindi.
Ushbu mavsumda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyatida salkam 7 million tup ko‘chat ekilishi belgilandi.
– Umummilliy loyiha doirasida 2023 yil bahor mavsumida viloyat hududida 10 million 364 ming tup mevali va manzaralari daraxt, buta ko‘chatlari ekildi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Rustam Islomov. – Samarqand shahar Qorasuv massivida 38 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” tashkil etildi. 6,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga 8 ta maxsus texnika xarid qilindi. Kuz mavsumda esa 6 million 942 ming tup ko‘chat ekish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi. Bundan tashqari, viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi. 19 gektar maydonda 16 ta hokimlik bog‘i, shuningdek, davlat tashkilotlari tomonidan 50 sotixdan 2 gektargacha yer maydonida tashkilot bog‘lari barpo etiladi. 7 ta shahar va tumanda 28,4 gektar “Yashil bog‘”lar hamda atrof muhitga ta’siri xavfi 1 va 2-toifaga kiruvchi yirik sanoat korxonalari tomonidan 71,8 gektar maydonda 120 ming dona ko‘chat ekilib, “Yashil belbog‘” yaratiladi.
Bulung‘ur, Jomboy tumanlari hamda Samarqand shahri hududidan o‘tuvchi temiryo‘l yoqasida 41 kilometr masofada 24,93 gektar yer maydonida 30 ming 962 dona bodom, qayrag‘och, aylant, terak ko‘chatlari ekilib, “yashil maydon”lar tashkil etiladi.
Albatta, ko‘chat ekilganidan so‘ng uni to‘liq ko‘kartirib olish, parvarishlash eng muhim vazifa hisoblanadi. Shu bois ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari davomida 55 kilometrdan ziyod sug‘orish tarmoqlari qaziladi va 25 ta yer osti suv chiqarish quduqlari qayta tiklanadi.
Ko‘chat ekish ishlarini sifatli amalga oshirish uchun viloyatdagi 52 ta ko‘chatxonada 10 million 237 ming tup zaxira yaratilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri.