Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimi huzuridagi Tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish imkoniyatlari, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari “Saxari” MCHJda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar hamda “Oriental Universiteti” Samarqand bo‘linmasi taqdimoti bilan tanishdilar.
Viloyat hokimi A.Boboyev qatnashgan tadbirda sanoat yo‘nalishida kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

***
Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida Samarqand viloyati hokimining tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi o‘tkazildi. Unda o‘tgan hafta davomida tadbirkorlik sub’ektlaridan kelib tushgan va yechim topilmagan murojaatlar mutasaddilar ishtirokida eshitildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hafta davomida tadbirkorlardan 29 ta murojaat kelib tushgan va ularning 22 tasiga uchrashuvga qadar yechim topilgan. Qolgan 7 murojaat viloyat hokimi tomonidan tinglandi va ularni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

***
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Toyloq tumanidagi 39-umumta’lim maktabining 180 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
2 milliard 153 million so‘m evaziga bunyod etilgan binoda ta’limni zamon talablariga mos tarzda olib borish uchun barcha sharoit yaratilgan.

***
Samarqand shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” festivali boshlandi. Dastlab yoshlar “Sog‘lom hayot uchun” yurish marafonida ishtirok etdi. Ayni paytda Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida turli sport musobaqalari va intellektual o‘yinlar, rahbar va yoshlar uchrashuvlari, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari hamda boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

***
Viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasida o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarining bir guruh fidoyi pedagoglariga “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri