Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
"Euronews" telekanali direktorlar kengashi raisi Pedro Vargas David boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Viloyat hokimligi mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Samarqandning iqtisodiy imkoniyatlari va investitsion jozibadorligi, turistik salohiyatini keng targ‘ib etishda telekanal bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

"Euronews" rahbarlari Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari faoliyati bilan tanishdi, tarixiy-madaniy yodgorliklarni tomosha qildi.
***
Urgut tumanining chegaraoldi hududi – Chep mahallasida foydalanilmay turgan 50 gektar yer maydoni o‘zlashtirilib, “Yashil makon” umummiyliy loyihasi doirasida 30 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Loyiha doirasida tumandagi aholi xonadonlarida kamida besh tupdan ko‘chat ekish tashabbusi ham amalga oshirilmoqda.
***
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti (WOAH)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Mereke Taitubayev veterinariya va tibbiyot sohalarining global muammolari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar bilan muloqot chog‘ida antibakterial preparatlardan foydalanish, hayvonlar kasalliklarining oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
***
Samarqand viloyatidagi uchinchi sektor rahbari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov Urgut tumanining Mirzabog‘lon mahallasida bo‘lib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi, mahalla yettiligi faoliyati bilan tanishdi. Aholining muammolari o‘rganildi.

Jumladan, ichimlik suvi ta’minoti va suyultirilgan gaz balloni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar yechimi yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri