Samarqand viloyati xabarlari qisqa satrlarda
Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov va Pusan shahri hokimi o‘rinbosari Li Song Kvon Samarqand va Pusan shaharlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlari to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Uchrashuvda ikki shahar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

***
Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida Ishtixon tumani adliya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qurilgan ikki qavatli binoda xodimlar va fuqarolar uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash maqsadida binoda quyosh panellari o‘rnatildi.

***
Ishtixon tuman markazidagi “Ustozlar xiyoboni”da besh ming kitob fondiga ega “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” ochildi. Tuman hokimi F.Ro‘ziyevning qayd etishicha, hozircha 5 ming kitob fondiga ega kutubxona kelgusida yangi adabiyotlar, elektron kitoblar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, respublika va viloyat kutubxona markazlari bilan onlayn aloqa yo‘lga qo‘yilib, ishtixonlik kitobsevarlarning ulardagi kitoblardan ham foydalanish imkoniyati yaratiladi.

***
Narpay tumanidagi bir qator umumta’lim maktablari bitiruvchilari oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishda yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Tuman hokimligi bunday ta’lim muassasalari jamoasini rag‘batlantirish hamda maktablar moddiy-texnik bazasini yaxshilashi uchun 17, 15, 29 va 52-umumta’lim maktablari direktorlari va o‘qituvchilarini pul mablag‘lari bilan taqdirladi.

G‘.HASANOV, O‘zA