Samarqand va Chelyabinsk: hamkorlik rivojlanadi
Rossiya mintaqalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ayni paytda ushbu mamlakatda bo‘lib turgan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Chelyabinsk viloyati gubernatori Aleksey Teksler bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida Samarqand va Chelyabinsk viloyatlarining iqtisodiy imkoniyatlari va investitsion salohiyati, hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr almashildi. E.Turdimov Chelyabinsk viloyati rahbarlari va tadbirkorlarini Samarqandga taklif qilib, sanoat, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida birgalikda loyihalarni amalga oshirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Chelyabinsk shahrida Samarqand va Chelyabinsk viloyatlari tadbirkorlarining biznes forumi o‘tkazildi. Tadbir avvalida Samarqand viloyatining iqtisodiy ko‘rsatkichlari, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida taqdimot qilindi.

Forumda ikki tomondan 100 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etib, o‘z mahsulot va xizmatlari haqida ma’lumot berdi. O‘zaro manfaatli hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, forum davomida viloyat hokimi E.Turdimov Chelyabinsk viloyatining yirik tadbirkor va kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashib, hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Samarqand viloyati hokimi boshchiligidagi rahbar va tadbirkorlardan iborat delegatsiya kecha Yekaterinburg shahrida Samarqand viloyati savdo uyi ochilishi hamda Sverdlovsk viloyati ishbilarmonlari ishtirokidagi biznes forumda qatnashgan edi.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri